Toshkent shahrida tijorat banklaridan birining (nomi ochiqlanmagan) mas’ul shaxslari ushbu bankka omonatga qo‘yilgan 300 ming dollar mablag‘ni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.
Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborot xizmati ma’lum qildi. Qayd etilishicha, fuqaro I.M. mazkur bankka 500 ming dollar miqdorida omonat qo‘ygan.
Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bankning mas’ul shaxslari uning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib, omonatdagi mablag‘ning 300 ming dollarini o‘zlashtirgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
