Banklar va mijozlar o‘rtasida qo‘shimcha muloqot maydoni yaratildi

21.09.2026 16:35
O'zbekchaРусский
Markaziy bank tijorat banklari hamda ularning mijozlari uchun “Bankda nima gap?” muloqot maydonini yaratdi. Ushbu loyiha orqali bank xizmatlaridan foydalanishda uchrayotgan muammo, savollar va noqulayliklar haqida xabar berish mumkin.
Banklar va mijozlar o‘rtasida qo‘shimcha muloqot maydoni yaratildi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

Markaziy bank tijorat banklari va mijozlar o‘rtasida qo‘shimcha muloqot maydoni yaratishga mo‘ljallangan “Bankda nima gap” loyihasini test rejimida ishga tushirdi.

Loyiha orqali bank xizmatlaridan foydalanishda uchrayotgan muammo, savol va noqulayliklar haqida xabar berish mumkin.

Masalan, karta bloklanishi, mobil ilovadagi uzilishlar, to‘lov o‘tmay qolishi yoki bank xizmatidan foydalanishda tushunarsiz holatlarga duch kelinganda, bu haqda ma’lumot yuborish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun vaziyatni qisqacha yozib, zarur bo‘lsa, foto yoki videoni @tajriba_lab_bot orqali yuborish kifoya. Kelib tushgan murojaatlar tegishli bankka yetkaziladi yoki bankning rasmiy aloqa kanallariga yo‘naltiriladi.

Ko‘p takrorlanadigan va boshqa mijozlarga ham daxldor masalalar @bankdanimagap kanalida yoritiladi. Ular bo‘yicha tegishli bankdan izoh olinib, muammoning qanday hal etilgani ham ko‘rsatib boriladi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, loyiha orqali kelib tushgan murojaatlar mustaqil ravishda hal qilinmaydi. Ular tegishli bankka yetkaziladi yoki bankning rasmiy aloqa kanallariga yo‘naltiriladi.

Kredit olish, firibgarlik sababli yo‘qotilgan mablag‘larni qaytarish yoki sudda ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha esa bankning rasmiy aloqa markaziga yoki Markaziy bankka murojaat qilish kerak.

#bankda_nima_gap

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan