Million dollarlik ulush: O‘zagrolizing sobiq rahbari lizing sxemasi uchun 6 yilga qamaldi

22.09.2026 09:28
O'zbekchaРусский
O‘zagrolizing sobiq boshqaruv raisi Nodir Otajonov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Xitoydan avval foydalanilgan paxta terish kombaynlarini yangi texnika sifatida olib kirish sxemasini tashkil qilganlikda aybdor deb topilgan.
Million dollarlik ulush: O‘zagrolizing sobiq rahbari lizing sxemasi uchun 6 yilga qamaldi

Nodir Otajonov / Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat axborot xizmati

O‘zagrolizing aksiyadorlik jamiyati sobiq boshqaruv raisi Nodir Otajonov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, Otajonov 2020-yil 24-noyabrdan 2025-yil 8-aprelgacha ushbu lavozimda ishlagan.

Sud hujjatiga ko‘ra, 2024-yil bahorida Otajonov Xitoy kompaniyasi vakillari bilan avval foydalanilgan paxta terish kombaynlarini yangi texnika sifatida O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Rejaga ko‘ra, avval foydalanilgan 3 qatorli kombaynlar qayta jihozlanib, yangi 2 qatorli 4MZ-2A rusumidagi texnika ko‘rinishiga keltirilishi kerak bo‘lgan. Ularning har birini 80 ming dollardan O‘zbekistonga olib kirish rejalashtirilgan.

Otajonov Xitoy kompaniyasi bilan 100 ta kombayn importi bo‘yicha shartnoma tuzilishini ta’minlash evaziga umumiy shartnoma qiymatining 15 foizini ulush sifatida olishga kelishgan. 100 ta kombayn uchun shartnoma 8 mln dollarni tashkil qilgan.

Otajonovning O‘zagrolizing kompaniyasiga bunday kombaynlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilish vakolati bo‘lmagan. Shu sababli u avvaldan tanish "Inter Agromash" MChJ rahbari Haydar Abdushukurovni rejaga jalb qilgan. Sud hujjatida Abdushukurov Otajonovning tanishi va hamkori sifatida ko‘rsatilgan. Ular kombaynlarni Inter Agromash nomidan import qilish va O‘zagrolizing orqali fermerlarga lizing asosida berish bo‘yicha kelishgan.

2024-yil 5-iyulda Abdushukurov Otajonovning ko‘rsatmasiga binoan Inter Agromash nomidan O‘zagrolizingga 100 ta 4MZ-2A kombaynini yetkazib berish bo‘yicha tijorat taklifini yuborgan. Unda bir dona kombayn narxi 1,65 mlrd so‘m deb ko‘rsatilgan.

2024-yil 15-iyulda O‘zagrolizing boshqaruvi bu taklifni ma’qullagan. 22-iyulda O‘zagrolizing va Inter Agromash o‘rtasida 35 ta kombaynni jami 57,75 mlrd so‘mga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Otajonov Inter Agromash va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida 100 ta kombaynni 8 mln dollarga import qilish shartnomasi imzolanishini ham ta’minlagan.

Shuningdek, Inter Agromash to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmasa, mablag‘ni O‘zagrolizing to‘lashini kafolatlovchi xatni Xitoy kompaniyasiga yuborgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, 2024-yil avgust-oktyabr oylarida Otajonov Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi tarjimonidan tanishi orqali jami 1,18 mln dollar olgan. Mablag‘lar tanishining Yunusoboddagi uyida saqlangan.

2024-yil 22-avgustdan kombaynlar O‘zbekistonga olib kirila boshlagan. Ular bojxona hujjatlarida yangi texnika sifatida ko‘rsatilgan.

Keyinchalik kombaynlar 2019–2020-yillarda ishlab chiqarilgani va avval foydalanilgani aniqlangan. Natijada bojxona to‘lovlari 7,5 mlrd so‘mga kam to‘langan.

Olib kirilgan texnikalardan 29 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Qashqadaryo, Toshkent, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklariga lizing asosida berilgan. 13 ta fermer xo‘jaligi jami 4,71 mlrd so‘m avans to‘lovi amalga oshirgan.

Fermerlar kombaynlarning yangi emasligini aniqlagach, ayrim texnikalarni qaytarishgan. To‘langan avans mablag‘lari qaytarilgan yoki boshqa lizing shartnomalari hisobiga o‘tkazilgan.

2024-yil 24-oktyabrda yana 6 ta kombayn bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan. Tekshiruv vaqtida ularning identifikatsiya raqamlari qalbakilashtirilgani, texnikalar esa 2019–2021-yillarda ishlab chiqarilib, qayta jihozlangani aniqlangan.

Sud qarori

Otajonov va Abdushukurov sudda ayblovlarni tan olmagan. Shunga qaramay, sud ularning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari, telefon suhbatlari va boshqa dalillar bilan tasdiqlangan deb topgan.

Yunusobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2025-yil 28-oktyabrdagi hukmi bilan Otajonov 6 yilga, Abdushukurov esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bundan tashqari, Otajonovga 3 yil muddatga O‘zagrolizing tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash taqiqlangan. Ikkalasiga ham bazaviy hisoblash miqdorining 550 barobari (206,25 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlangan.

#nodir_otajonov#o‘zagrolizing

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan