Melibayev Sodir Adilovich Mikrokreditbank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Tegishli qaror bank Kuzatuv kengashining 17-sentyabrdagi majlisida qabul qilingan.
Kuzatuv kengashi bayonnomasiga ko‘ra, Melibayev o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, uning bank boshqaruv a’zosi sifatidagi vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.
Kuzatuv kengashi qarori bilan Mikrokreditbank boshqaruvi tarkibi qayta tasdiqlangan. Unga ko‘ra, boshqaruv raisi lavozimida Malik Avazov qolgan.
Bahodir Allaniyozov, Ikrom Jumaniyozov va Ibrohimjon Mamadjonov boshqaruv raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi hamda boshqaruv a’zosi sifatida tasdiqlangan.
Shuningdek, Umrbek Jumaniyozov — Davlat dasturlari bloki rahbari, Nodir Adilov esa boshqaruv raisi maslahatchisi sifatida boshqaruv a’zolari tarkibiga kiritilgan. Boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimlaridan birida vakansiya qoldirilgan.
Sodir Melibayev haqida
Sodir Adilovich Melibayev 1969-yilda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1992-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Mutaxassisligi — iqtisodiyotda axborotni kompyuter tizimida qayta ishlashni tashkil qilish, iqtisodchi muhandis.
Melibayev mehnat faoliyatini 1991-yilda O‘zagroinform ishlab chiqarish bosh boshqarmasida muhandis sifatida boshlagan.
1993-yildan Markaziy bank tizimida ishlagan va turli yillarda axborotlashtirish hamda to‘lov tizimlari yo‘nalishlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2005–2015-yillarda Rossiya va O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalarda loyihalarni boshqarish va korporativ mijozlar bilan ishlash yo‘nalishlarida ishlagan.
2020-yilda Markaziy bank tizimiga qaytib, Axborot texnologiyalari departamenti direktori o‘rinbosari, keyinchalik departament direktori bo‘lgan.
2023-yil iyulidan 2025-yil oktyabrigacha Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2025-yil oktyabridan hozirgacha esa Mikrokreditbank boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
