1-oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) fuqarolar uchun mol-mulk, avtomobil, telefon raqamlari va bank kartalari bilan bog‘liq yangi xizmatlar ishga tushiriladi.
Yangi imkoniyatlar doirasida fuqarolar o‘zlariga tegishli mol-mulk va avtomobillari bilan bog‘liq ayrim jarayonlarni portal orqali boshqarishi mumkin bo‘ladi.
Mol-mulk va transport
Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk va avtomobillarini garovga yoki ipotekaga qo‘yish, shuningdek, ularni begonalashtirishga, ya’ni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yish yoki ushbu taqiqni bekor qilish bo‘yicha ariza berishi mumkin bo‘ladi.
Telefon raqamlari
Fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish va keyinchalik qayta faollashtirish, foydalanilmayotgan raqamlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish bo‘yicha ariza berish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, fuqaro o‘z telefon raqamiga ulangan pulli xizmatlar haqida ham ma’lumot olishi mumkin.
Bank kartalari
Yagona portal orqali fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati ham yaratiladi.
Shuningdek, bank kartasini bloklash yoki yopish bo‘yicha kartani chiqargan bankka ariza yuborish mumkin bo‘ladi.
Notarial harakatlar haqida xabarnoma
Fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda, bu haqda unga Yagona portal orqali avtomatik ravishda xabar beriladi.
Shuningdek, bunday notarial harakatlar hisobini yuritish imkoniyati ham yaratiladi. Yangi xizmatlar 2026-yil 1-oktyabrdan ishga tushirilishi belgilangan.
