O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgan. Bu esa xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Kompaniya bilan juda ko‘p yo‘nalishda hamkorlik qilish imkoniyati bor. Oldimizda esa katta va muhim vazifalar turibdi — dedi Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning may oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube monetizatsiyasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri va uni ishga tushirishdagi mavjud to‘siqlarni tahlil qilgandi.
YouTube monetizatsiyasi o‘zi nima?
YouTube monetizatsiyasi — bu platformada kontent yaratuvchilarga o‘z videolari orqali daromad olish imkonini beruvchi tizim.
Monetizatsiya yoqilgach, videolarda reklama namoyish etiladi va reklama beruvchilardan tushgan mablag‘ning bir qismi kontent muallifiga yo‘naltiriladi.
Kontent yaratuvchining daromadi videolarni ko‘rishlar soni, reklama namoyishlari, auditoriyaning geografik joylashuvi hamda reklama bozoridagi talab kabi omillarga bog‘liq.
Shuningdek, YouTube Premium obunalari, kanalga pullik a’zolik va boshqa platforma xizmatlari ham kontent yaratuvchilar uchun daromad manbai bo‘lishi mumkin.
Bugungi kunda 100 dan ortiq mamlakatda YouTube monetizatsiyasi yoqilgan. Markaziy Osiyoda esa faqat Qozog‘istonda mavjud.
O‘zbekistondagi raqamlar
2025-yilning may oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda YouTube platformasining oylik faol foydalanuvchilari soni 13 mln atrofida.
Mamlakatda 26 mingdan ortiq faol videobloger faoliyat yuritmoqda. Ularning 1 ming nafari 100 mingdan ortiq, 5 ming nafari 10–100 ming, 20 ming nafari esa 1–10 ming obunachiga ega.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, monetizatsiya ishga tushirilsa, o‘zbek videoblogerlarining umumiy daromadi yiliga 30–50 mln dollarga yetishi mumkin.
Mazkur hisob-kitob videolarning yillik umumiy ko‘rilishlar soni 36 mlrd tani tashkil etishi hamda har 1 mingta ko‘rish uchun o‘rtacha reklama daromadi 0,8–1,4 dollar bo‘lishiga asoslangan.
Monetizatsiya yoqilsa nima bo‘ladi?
Birinchi navbatda, mahalliy blogerlar YouTube orqali rasmiy daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchidan, O‘zbekistondagi kompaniyalar YouTube orqali mahalliy auditoriyaga reklama berishi mumkin.
Reklamadan tushgan mablag‘ning bir qismi esa kontent yaratuvchilarga qaytadi. Monetizatsiya blogerlarning daromadini oshirish bilan birga, video montaj, animatsiya, dizayn va boshqa kreativ xizmatlarga talabni ham ko‘paytirishi mumkin.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasining ishga tushirilishi kreativ sohaning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushini ikki barobarga oshirib, 0,1 foizga yetkazishi mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumati 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotda kreativ iqtisodiyot ulushini 5 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
