Mikrokreditbank kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi

24.09.2026 09:28
O'zbekchaРусский
Mikrokreditbank kuzatuv kengashi tarkibidan uch nafar a’zo — Umidjon Muydinov, Behzod Hoshimov va Aram Kazaryan chiqarilib, ularning o‘rniga to‘rt nafar mustaqil a’zo saylandi. Yangilangan kengash 9 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ularning beshtasi mustaqil a’zolardir.
Mikrokreditbank kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi

Foto: Mikrokreditbank

Mikrokreditbank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Kuzatuv kengashi tarkibiga oid bir qator qarorlar qabul qilindi.

18-sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Kuzatuv kengashi a’zolari Umidjon Muydinov, Behzod Hoshimov va Aram Kazaryanning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Shuningdek, bank Kuzatuv kengashining 9 nafar a’zodan iborat tarkibida mustaqil a’zolar soni 5 nafarga belgilandi.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Danil Kerimi, Nizomiddin Muradov, Ulf Vokurka va Maykl Tsarev Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari etib 3 yil muddatga saylandi. Ular Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng lavozimga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti professori Behzod Hoshimov 2020-yil 28-noyabridan buyon Mikrokreditbank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi edi.

3-sentyabr kuni uning Biznesni Rivojlantirish Banki Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.

Danil Kerimi haqida

Danil Kerimi texnologiyalar, xalqaro moliya, intellektual mulk va davlat boshqaruvi sohalarida 22 yildan ortiq tajribaga ega.

Danil Kerimi / Foto: Chinadaily.com

Shandun universitetini (2003), Vena diplomatik akademiyasi magistraturasini (2005) tamomlagan, Jahon iqtisodiy forumining (WEF) global yetakchilik dasturi bo‘yicha MBA darajasiga ega. Myunxen texnika universiteti (TUM) doktoranti hisoblanadi.

Faoliyatini 2004-yilda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasida boshlab, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va FATF bilan hamkorlikda pul yuvishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish (AML/CFT) tizimlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

2008–2020-yillarda WEF’da global texnologiyalarni boshqarish yo‘nalishi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan, keyinchalik Amazon Web Services kompaniyasida davlat transformatsiyasi loyihalariga rahbarlik qilgan.

2023-yildan WIPO Mustaqil nazorat maslahat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. Shuningdek, Nasdaq birjasida listingga chiqqan SEALSQ kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi.

Nizomiddin Muradov haqida

Nizomiddin Muradov 1997-yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 1999-yilda AQShning Old Dominion universiteti magistraturasini (biznesni boshqarish, moliya va kredit) tamomlagan.

Nizomiddin Muradov / Foto: Turonbank

Faoliyatini 1999-yilda Markaziy bankda boshlab, 2006-yilgacha banklarni litsenziyalash, ichki nazoratni muvofiqlashtirish va kapitalni shakllantirish monitoringi departamentlari direktori lavozimlarida ishlagan.

2008–2011-yillarda O‘zbekiston kredit uyushmalari assotsiatsiyasi ijrochi direktori, 2011–2014-yillarda Xalq Bankida risk-menejment hamda biznes va strategik rivojlantirish departamentlari rahbari bo‘lgan.

2017-yildan Insignia Financing boshqaruvchi direktori, 2021-yildan Turonbank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi hisoblanadi.

Ulf Vokurka haqida

Ulf Vokurka 1962-yilda Germaniyada tug‘ilgan, 1989-yilda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan.

Ulf Vokurka / Foto: Invest.gov.kz

1990–2006-yillarda Deutsche Bank tizimida, jumladan, uning Qozog‘istondagi, London va Nyu-Yorkdagi bo‘linmalarida ishlagan.

2006–2008-yillarda Qozog‘istonning Samruk davlat aktivlarini boshqarish xoldingi boshqaruvi raisi o‘rinbosari va moliya direktori (CFO), 2008–2010-yillarda Metzler Asset Management boshqaruvchi direktori, 2010–2017 yillarda Deutsche Bank’ning Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari bo‘lgan.

Turli yillarda Qozog‘iston taraqqiyot banki, Halyk Bank, NURBANK, KEGOC va Turkiyaning Sekerbank banki direktorlar kengashlarida mustaqil direktor sifatida ishlagan.

Hozirda Qozog‘iston temir yo‘li va Kazakh Invest milliy kompaniyalarida mustaqil direktor, 2025-yil fevralidan SCHNEIDER GROUP konsalting kompaniyasining Qozog‘iston va Qirg‘iziston bo‘yicha hamkori.

Maykl Sarev haqida

Maykl Sarev Yevropa va O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi, 35 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega moliya va biznes strategiyasi bo‘yicha mutaxassis, sertifikatlangan jamoat buxgalteri hisoblanadi.

Toshkentda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) dasturi bo‘yicha dotsent sifatida dars beradi. Ayni paytda “The Inter Board Academy” MChJ direktori va muassisidir.

#mikrokreditbank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan