24-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda banklar orqali kredit ajratish shartlarini yengillashtirish hamda ishlab chiqaruvchi va eksportchilarga qo‘shimcha imtiyozlar berish bo‘yicha qator yangi choralar belgilandi.
Banklar kreditlashda yangi tizimga o‘tadi
Prezident tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish uchun banklar faoliyatiga ham yangicha yondashuv zarurligini ta’kidladi.
Xususan, davlat banklari kredit ajratishda faqat an’anaviy garov va barcha mijozlar uchun bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasdan, tadbirkorning biznesini o‘stirish tamoyili asosida ishlashi kerakligi qayd etildi.
Shu maqsadda kreditlashda tadbirkorning real pul oqimi, buyurtma va shartnomalari, debitorlik qarzi, hamda tovar aylanmasiga asoslangan moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi.
Jumladan, kichik tadbirkorning yirik buyurtmachi bilan tuzgan uzoq muddatli shartnomasi kredit olishda garov sifatida qabul qilinadi.
Bundan tashqari, 500 mln so‘mgacha bo‘lgan loyihalarni kreditlashda tadbirkordan biznes-reja talab qilinmaydi.
Kredit garovga emas, biznesning pul oqimidan kelib chiqib ajratiladi. Eksportbop mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo xarid qilishga olinadigan kreditlarda esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
Shuningdek, to‘qqizta davlat bankiga bir oy ichida biznesni rivojlantirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi yuklatildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.
Eksportchilarning kredit foizlari qoplanadi
Yig‘ilishda tayyor mahsulot eksport qiluvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangi choralar belgilandi.
Xususan, tayyor mahsulot eksport qiluvchi tadbirkorlarning xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagisining 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida qoplash bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Paxta yetishtirishda ko‘mak beriladi
Davlat rahbari yig‘ilishda paxta yetishtiruvchi fermer va klasterlarga ham qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak berilishini ma’lum qildi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har bir tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.
O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har bir gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Kredit to‘lovini uzaytirish imkoniyati beriladi
Faoliyatida qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bank, soliq va mahalla tizimi hamkorligi kuchaytirilishi belgilandi.
Daromadi yoki ish o‘rinlari soni kamaygan korxonalarning muammolari mahallaning o‘zida o‘rganiladi.
Soliq xodimi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri birgalikda bunday korxonalarga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, bozor yoki eksportga chiqishda yordam berish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Ko‘p ish o‘rni yaratadigan korxonalarga imtiyozlar beriladi
Yig‘ilishda, shuningdek, ko‘p ish o‘rni yaratgan sanoat korxonalari uchun alohida imtiyozlar belgilandi.
Kamida 1 ming nafar xodimi bo‘lgan korxonalarda ishchilarni o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, ularni ishga olib kelish va qaytarish xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.
Bunday korxonalarda kamida besh yil ishlagan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovi qoplab berilishi ma’lum qilindi.
Bobur shahrida biznes qiladigan tadbirkorlarga yer arzonroq beriladi
Bobur shahrida savdo komplekslari, biznes markazlari, mehmonxonalar, xususiy ta’lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etadigan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoqligi hisobga olinib, yerning boshlang‘ich narxi uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan yerlarga nisbatan ikki barobar arzon belgilanadi.
