2026-yil 1-oktyabrdan poytaxt avtobuslari va metrosida bir martalik elektron to‘lov 1700 so‘mdan 2500 so‘mga ko‘tariladi. Naqd to‘lov esa 3000 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoladi.
Yangi tariflar xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 25-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.
Shunday qilib, poytaxt jamoat transportida bir martalik elektron to‘lov narxi 800 so‘mga yoki 47 foizga oshmoqda.
Kuniga ikki marta jamoat transportidan foydalanadigan yo‘lovchi 22 ish kuni davomida hozirgi 74 800 so‘m o‘rniga endilikda 110 ming so‘m sarflaydi. Natijada uning bir oylik transport xarajati 35 200 so‘mga oshadi.
Kengash qarori bilan doimiy yo‘lovchilar uchun abonementlar ham qimmatlashmoqda.
Bunda bir oylik avtobus tarifi 160 ming so‘mdan 250 ming so‘mga, avtobus va metro uchun umumiy tarif esa 221 ming so‘mdan 345 ming so‘mga ko‘tariladi. Har ikki paket narxi qariyb 56 foizga oshmoqda.
Shu bilan birga, bir soat ichida transportni almashtirish tariflari ham o‘zgaradi.
Birinchi avtobus uchun 2500 so‘m, ikkinchi avtobus uchun 1500 so‘m olinadi. Uchinchi va undan keyingi avtobuslarga o‘tish bepul bo‘ladi.
Hozir bir soat ichida ikkita avtobusdan foydalanish jami 2400 so‘mga tushadi. Yangi tarifda bu xarajat 4000 so‘mga yetadi.
Avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga o‘tish ham jami 4000 so‘m turadi.
Eslatib o‘tamiz, Transport vazirligi avvalroq jamoat transportida amaldagi tarif tashish bilan bog‘liq xarajatlarning faqat bir qismini qoplayotganini ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, tashuvlarni moliyalashtirishda asosiy yuk hamon davlat budjeti zimmasida qolmoqda.
