AVO Bank omonatchisi 134 kundan beri pulini qaytarib ololmayotganini yozmoqda

28.09.2026 11:18
O'zbekchaРусский
Toshkentda yashovchi Aleksey Moskovtsev o‘zining LinkedIn sahifasida AVO Bankka qo‘ygan omonat mablag‘larini 134 kundan beri ololmayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bank hisobvaraqni bloklab qo‘ygan, biroq bunga asos bo‘luvchi hujjatni taqdim etmagan.
AVO Bank omonatchisi 134 kundan beri pulini qaytarib ololmayotganini yozmoqda

Foto: AVO Bank

Toshkentda yashovchi Aleksey Moskovtsev AVO Bankka qo‘ygan omonat mablag‘larini 134 kundan beri ololmayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bank omonatni bloklagan, biroq bunga asos bo‘lgan hujjatni unga taqdim etmagan. Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida post qoldirdi.

Postda ma’lum qilinishicha, omonat 2025-yil 9-dekabrda bank ilovasi orqali ochilgan. Omonatga kvartirani sotishdan tushgan mablag‘lar qo‘yilgan va keyinchalik hisobvaraq to‘ldirilmagan.

2026-yil 14-mayda, omonat muddati tugashiga bir oy qolganida, bank hisobvaraqni bloklagan.

Hujjatni menga o‘sha paytda ham, keyin ham ko‘rsatishmadi — deb yozadi Moskovtsev.

Omonat muddati 2026-yil 10-iyun kuni tugagan. Biroq uning ta’kidlashicha, shundan keyin ham mablag‘larini qaytarib ololmagan.

Moskovtsevning yozishicha, bank unga yuborgan javoblarida Yunusobod tumani IIB talabiga asoslanganini bildirgan.

2026-yil 10-sentyabrda Yunusobod tumani IIB tomonidan unga yuborilgan xatda depozit hisobvarag‘ining bloklangani asossiz ekani ko‘rsatilgan.

O‘sha kunning o‘zida ushbu xatni bankka olib bordim. Bank esa blokni faqat Markaziy bank olib tashlashi mumkinligini aytdi. Markaziy bankning ko‘rsatmasi borligi bildirildi, biroq uning raqami va sanasi menga aytilmadi — deya yozgan omonatchi.

Shundan so‘ng Moskovtsev 11-sentyabr kuni Markaziy bankka murojaat qilgan. Uning aytishicha, Markaziy bank murojaatni yana AVO Bankka yuborgan. U o‘z postida bankning keyingi javobi avvalgi javobdan deyarli farq qilmaganini bildirgan.

To‘rt marta bir xil javob. 134 kundan beri pulimdan foydalana olmayapman. 11-iyundan boshlab foizlar ham hisoblanmayapti — deb yozdi u.

Moskovtsev AVO Bank va Markaziy bankdan uning hisobvarag‘ini bloklashga asos bo‘lgan hujjatni ko‘rsatishni so‘ramoqda.

Mening hisobvarag‘im ko‘rsatilgan hujjatni taqdim eting. Agar bunday hujjat bo‘lmasa, pulimni qaytaring — deya yozgan omonatchi.

Ushbu holat yuzasidan AVO Bank va nazorat organi Markaziy bankdan izoh kutib qolamiz.

#avo_bank#omonat

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan