Bank va to‘lov ilovalari kesimida kibero‘g‘irliklar statistikasi e’lon qilindi

07.10.2026 11:32
O'zbekchaРусский
2026-yilning avgust oyida O‘zbekiston hududida 4 866 ta kibero‘g‘irlik jinoyati qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning 1 717 tasi to‘lov tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalaridan foydalanish bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Bank va to‘lov ilovalari kesimida kibero‘g‘irliklar statistikasi e’lon qilindi

Foto: tanga.uz / SI

Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik departamenti banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalaridan foydalanish bilan bog‘liq kibero‘g‘irliklar statistikasini e’lon qildi.

Statistika joriy yilning avgust oyi uchun taqdim etilgan bo‘lib, mazkur oyda respublika bo‘yicha 4 866 ta kibero‘g‘irlik jinoyati qayd etilgan.

Shundan 1 717 tasi to‘lov tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalaridan foydalanish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan.

E’lon qilingan ro‘yxatda jabrlanuvchilar soni bo‘yicha Xalq Bankining Xazna ilovasi 438 ta holat bilan birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Keyingi o‘rinlarda Click SuperApp (319 ta holat), Agrobank Mobile (189 ta holat) hamda Payme (177 ta holat) ilovalari joylashgan.

Infografika: IIV

Statistikada keltirilgan raqamlar ilovalarning o‘zi kiberhujumga uchraganini anglatmaydi. Ular har bir bank va to‘lov ilovasi orqali sodir etilgan kibero‘g‘irliklar oqibatida jabrlanganlar sonini aks ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 30-aprel kuni axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilingan edi. 

Qarorga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi har oy kiberjinoyatlar eng ko‘p qayd etilgan bank va to‘lov tashkilotlari ro‘yxatini jamoatchilikka e’lon qilib boradi.

Bu orqali banklar va to‘lov tashkilotlarining kiberxavfsizlikni kuchaytirishdagi mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

#kiberjinoyat#avgust

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan