Janubiy Koreyaning davlatga qarashli Koreya taraqqiyot banki (KDB) xorijdagi faoliyati samaradorligini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakatning Maeil Business Newspaper nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, KDB uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan, biroq imkoniyatlar cheklangani sababli filialga aylantirish qiyin bo‘lgan vakolatxonalarni, shuningdek, qo‘shimcha o‘sish istiqboli noaniq bo‘lgan sho‘ba bank va filiallarni qayta ko‘rib chiqmoqda.
Natijada bankning xorijdagi bo‘linmalari umumiy soni qisqarishi mumkin. Boshqa tomondan, o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda KDB o‘z faoliyatini kengaytirish niyatida.
Janubiy Koreyaning tijorat banklari bozorga faol kirib kelayotgan mamlakatlarda esa tegishli bo‘linmalarni sotish orqali faoliyatni qisqartirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Shu doirada bankning O‘zbekistondagi sho‘ba banki (KDB Bank Uzbekistan) sotilishi mumkin bo‘lgan aktivlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Asosiy ehtimoliy xaridorlar sifatida O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan Janubiy Koreya banklari ko‘rib chiqilmoqda.
Nashrning yozishicha, KDB O‘zbekistondagi biznesini sotish bo‘yicha Shinhan Bank va Hana Bankning qiziqishini o‘rganish maqsadida so‘rov o‘tkazgan.
Ayni paytda Shinhan Bank O‘zbekistonda sho‘ba bankini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, Hana Bank esa mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochish jarayonini boshlagan.
Biroq KDB hozircha O‘zbekistondagi sho‘ba bankini sotish bo‘yicha aniq bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Qayd etilishicha, bank ichida bu masala yuzasidan turli fikrlar mavjud.
KDB Bank Uzbekistan haqida
Koreya taraqqiyot banki O‘zbekiston bozoriga 2006-yilda Toshkentdagi Daewoo guruhiga qarashli UzDaewoo Bankni sotib olish orqali kirib kelgan. Koreys nashrining qayd etishicha, shundan beri sezilarli yutuqlarga erishilmagan.
Temurmalik Elmurodovning yozishicha, bankning jismoniy shaxs bo‘lgan mijozlari deyarli yo‘q, u asosan O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi.
Bank bosh ofis va ikkita filial orqali faoliyat yuritadi. 2025-yil oxirida unda 249 nafar xodim ishlagan.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, bank aksiyadorlarining tarkibi quyidagicha:
- Koreya taraqqiyot banki — 86,3183%
- O‘zmilliybank — 10,3092%
- Turonbank — 3,3724%
KDB Bank Uzbekistan 2025-yilda 691 mlrd so‘m sof foyda ko‘rib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta bank orasida to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilgan.
