Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob mexanizmini iste’molchilar foydasiga qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka taklif yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda.
Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.
Qo‘mita bunga misol tariqasida O‘zsanoatqurilishbank va Hamkorbankni keltirib, ularning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq belgilanganini qayd etgan.
Biroq amalda ushbu talab bajarilmayotgani, ortiqcha mablag‘lar tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanayotgani hamda bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi aniqlangan.
Qo‘mita ushbu holatlar Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun talablariga zid ekanini ma’lum qildi.
Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomga ko‘ra, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim, bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak.
Raqobat qo‘mitasi yuqoridagilarga ko‘ra, ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini qayta ko‘rib chiqish va kreditni muddatidan oldin so‘ndirish qoidalarini qonun darajasida belgilash bo‘yicha Markaziy bankka taklif kiritdi.
