2026-yilning 16-oktyabridan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasida ichki yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar narxi o‘rtacha 20 foizgacha pasaytiriladi.
Narxlarni qayta ko‘rib chiqish Raqobat qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, narxlar ichki aviaqatnovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga pasaytirilmoqda.
Yangi tariflar yo‘lovchilar uchun aviaqatnovlarni arzonlashtirish, ichki turizmni rivojlantirish va hududlar o‘rtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Uzbekistan Airways ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mahalliy yo‘nalishlarda Toshkent shahridan bir tomonlama aviachiptalarning boshlang‘ich narxi quyidagicha:
- Toshkent – Nukus: 442 336 so‘m
- Toshkent – Urganch: 442 336 so‘m
- Toshkent – Termiz: 361 911 so‘m
- Toshkent – Buxoro: 241 274 so‘m
- Toshkent – Andijon: 201 062 so‘m
- Toshkent – Namangan: 201 062 so‘m
- Toshkent – Samarqand: 201 062 so‘m
- Toshkent – Farg‘ona: 201 062 so‘m
