Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi sentyabr oyidagi faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan oy davomida qo‘mita 8 marta yig‘ilish o‘tkazib, jami 37 ta masalani ko‘rib chiqqan va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilgan.
Ko‘rib chiqilgan masalalarning 21 tasi kredit tashkilotlarini ro‘yxatga olish va ularga ruxsat berish bilan bog‘liq bo‘lgan.
- Tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish — 9 ta
- Mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, akkreditatsiya va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish — 7 ta
- Kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushlariga egalik qilish uchun ruxsat berish — 3 ta
- Kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish — 2 ta
Qolgan 16 ta masala kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga taalluqli bo‘lgan.
Bundan tashqari, qo‘mita sentyabr oyida 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llagan.
Bunga prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlarida aniqlangan qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.
