Avgust oyida davlat banklarining muammoli kreditlari 256 mlrd so‘mga kamaydi

13.10.2026 14:17
O'zbekchaРусский
Avgust oyida O‘zbekiston banklarining muammoli kreditlari 95 mlrd so‘mga oshib, 24 trln so‘mga yetdi. Davlat banklarida bu ko‘rsatkich 256 mlrd so‘mga kamaygan bo‘lsa, boshqa banklarda 350 mlrd so‘mga ortgan.
Avgust oyida davlat banklarining muammoli kreditlari 256 mlrd so‘mga kamaydi

Foto: Bankers.uz

Avgust oyida banklarning muammoli kreditlari 95 mlrd so‘mga ortdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.

1-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 648 trln 947 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Shundan 24 trln 23 mlrd so‘mi yoki 3,7 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank

Avgust oyida banklarning muammoli kreditlari hajmi 95 mlrd so‘mga ortgan. Taqqoslash uchun, iyul oyida banklarning muammoli kreditlari 986 mlrd so‘mga ko‘paygan edi.

Davlat banklari

1-sentyabr holatiga ko‘ra, davlat banklarining kredit portfeli 421 trln 463 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Shundan 16 trln 546 mlrd so‘mi yoki 3,9 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avgust oyida davlat banklarining muammoli kreditlari 256 mlrd so‘mga kamaydi.

Bunga Mikrokreditbank (-144 mlrd so‘m) hamda SQB (-108 mlrd so‘m) eng ko‘p hissa qo‘shgan.

Shuningdek, Asakabank (-71 mlrd so‘m), O‘zmilliybank (-25 mlrd so‘m) hamda Turonbank (-11 mlrd so‘m) ham ushbu oyda muammoli kreditlarini kamaytira olgan.

Aloqabank (+51 mlrd so‘m), Xalq Banki (+26 mlrd so‘m) hamda Agrobankda (+25 mlrd so‘m) esa muammoli kreditlar ko‘paygan.

Boshqa banklar

1-sentyabr holatiga ko‘ra, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning kredit portfeli 227 trln 484 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Shundan 7 trln 477 mlrd so‘mi yoki 3,3 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avgust oyida ushbu banklarning muammoli kreditlari 350 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Mazkur o‘sishga eng ko‘p Anorbank (+165 mlrd so‘m), Hamkorbank (+68 mlrd so‘m), Orient Finans Bank (+33 mlrd so‘m) hissa qo‘shgan.

Shuningdek, Poytaxt Bank (+32 mlrd so‘m), Hayot Bank (+28 mlrd so‘m), mybank (+27 mlrd so‘m) muammoli kreditlari ham oshgan.

Kapitalbank (-54 mlrd so‘m) hamda Davr Bank (-21 mlrd so‘m) esa ushbu oyda muammoli kreditlarini sezilarli kamaytira olgan.

Shunday qilib, 1-sentyabr holati bo‘yicha uchta bankning — TBC Bank (13,4%), Poytaxt bank (13,2%) hamda mybank (10%) muammoli kreditlari ulushi 10 foizdan yuqori bo‘lib turibdi.

#npl#avgust

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan