Texas universiteti professori Botir Qobilov InFinBank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi.
Tegishli qaror 8-oktyabr kuni bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, Qobilov Botir Boxodirovich 9-oktyabrdan boshlab bank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib tayinlandi.
Uning vakolatlari uch yillik muddat yakuni bo‘yicha o‘tkaziladigan aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishigacha davom etishi belgilangan.
Ungacha bank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib ishlab kelgan Mirzaraximov Shuxrat Baxramjonovich lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.
Shunday qilib, bankning amaldagi kuzatuv kengashi tarkibi quyidagicha shakllandi:
- Bobir Burxanov — Kuzatuv kengashi raisi
- Zikirillo Abdullayev — Kuzatuv kengashi a’zosi
- Firuza Isxakova — Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi
- Otabek Bakirov — Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi
- Botir Qobilov — Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi
Iqtisodchi Otabek Bakirov 2025-yilning aprel oyidan buyon InFinBank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Botir Qobilov hozirda Texas universiteti professori sanaladi. Shuningdek, u 2026-yilning fevral oyidan buyon O‘zbekiston Markaziy bankida Tadqiqot kengashi a’zosidir.
Eslatib o‘tamiz, iqtisodchi Behzod Hoshimov sentyabr oyining boshida Biznesni Rivojlantirish Banki kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylangandi.
