Toshkent shahrida hisoblagich orqali hisoblanadigan issiq suv va markazlashgan isitish tariflarini 30 foizga oshirish taklif qilinmoqda.
Hisoblagichsiz xonadonlarda issiq suv uchun oylik to‘lovlarni esa 13,3 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
Bu bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi 13-oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda yangi tariflarni 2026-yil 1-noyabrdan joriy etish taklif qilingan. Muhokama 28-oktyabrgacha davom etadi.
Taklif etilayotgan tariflar
Qaror loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida hisoblagich orqali hisoblanadigan issiq suvning 1 kub metri uchun tarifni amaldagi 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mga oshirish taklif etilmoqda.
Markazlashgan isitish uchun isitiladigan maydonning 1 kvadrat metri bo‘yicha bir kunlik tarifni 241,44 so‘mdan 314 so‘mga ko‘tarish rejalashtirilgan.
Hisoblagichsiz xonadonlarda issiq suv uchun bir kishining oylik to‘lovini 52 303,39 so‘mdan 45 330 so‘mga tushirish taklif qilinmoqda.
Umumiy dush bilan jihozlangan yotoqxonalarda esa bir kishi uchun oylik to‘lovni 38 908,16 so‘mdan 33 720 so‘mga kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Agar takliflar ma’qullansa, hisoblagich orqali hisoblanadigan issiq suv va markazlashgan isitish tariflari 30 foizga qimmatlaydi.
Hisoblagichsiz xonadonlar va umumiy dushli yotoqxonalarda issiq suv uchun oylik to‘lovlar esa 13,3 foizga arzonlaydi.
Qayd etish joizki, ushbu tariflar hozircha faqat qaror loyihasida taklif etilgan bo‘lib, hujjat bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta Toshkent shahrida issiq suv va markazlashgan isitish tariflari 2025-yilning 12-noyabrida oshirilgan edi.
O‘shanda aholi uchun markazlashgan isitish, hisoblagich orqali hisoblanadigan issiq suv, hisoblagichsiz xonadonlar hamda umumiy dushli yotoqxonalar uchun issiq suv tariflari 15 foizga qimmatlagan edi.
