Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarining iste’molchilar va haydovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar va narxlarini o‘rganishni boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 11-oktyabr kuni tongda Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandex data markazi infratuzilmasi dron hujumiga uchradi.
Shu va undan keyingi bir necha kun davomida ham O‘zbekistonda Yandex xizmati, jumladan, Yandex taksi xizmatlari bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilgandi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, buning ortidan boshqa raqobatchi taksi kompaniyalarida narxlar tig‘iz vaqtlarda bir necha barobarga oshgan va bu jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobatni amalga oshirishi alomatlari bo‘yicha o‘rganish boshladi.
Qo‘mita taksi agregatorlaridan quyidagi masalalar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘ramoqda:
- Taksi narxlarini belgilaydigan algoritmlarni qayta ko‘rib chiqish va narxlarning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Haydovchilarga pul o‘tkazishdagi nosozliklarni bartaraf etish;
- Asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish;
- Haydovchilarga berilishi lozim bo‘lgan bonuslarni qayta hisoblash va to‘lab berish;
- Raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik;
- Haydovchilar va yo‘lovchilar uchun tun-u kun ishlaydigan texnik yordam xizmatini ta’minlash.
Qo‘mita o‘rganish natijasida qonunchilik buzilishi yoki iste’molchilar huquqlari buzilgani aniqlangan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
