Eslatma (Diskleymer): Ushbu surishtiruv ochiq manbalardagi (elektron xaridlar portali) ma’lumotlar asosida tayyorlangan.
Maqolada biror-bir shaxs yoki korxona tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani, noqonuniy til biriktirilgani yoki jinoyat sodir etilgani haqida ayblov ilgari surilmaydi. Maqsad — davlat ishtirokidagi korxona xaridlarining shaffofligini va raqobat tengligini tahlil qilishdan iborat.
Uchta sanoat nasosi. Boshlang‘ich narx — 750 mln so‘m. Oradan bir necha kun o‘tib, ayni shu uchta nasos — 240 mln so‘m. "BYD Uzbekistan Factory" MChJ QK bo‘yicha surishtiruvimiz aynan shu xariddan boshlandi.
2025-yil iyul oyida sotuvchi (yetkazib beruvchi) tashilotlardan biri Grundfos brendining uchta nasosini sotishi to‘g‘risida e’lon beradi. Har bir nasosning boshlang‘ich narxi 250 mln so‘mdan — jami 750 mln so‘m etib belgilangan. "BYD Uzbekistan Factory" MChJ QK elektron do‘kondagi bu e’lon bo‘yicha nasoslarni sotib olish istagini bildirib, davlat xaridlari mexanizmini ishga tushirdi.
Xarid g‘olibi Zerox Mega Trade bo‘lib, kompaniya barcha uskunalarni 246 mln so‘mga yetkazib berishni taklif qildi. Biroq ko‘p o‘tmay kompaniya bilan tuzilgan shartnoma jarima sanksiyalarisiz bekor qilindi.
BYD xaridni qayta amalga oshiradi.
Bu safar "National Consulting Business" MChJ yanada past narx — uchta nasos uchun jami 240 mln so‘m yoki har biriga 80 mln so‘mdan taklif qildi.
Kompaniya xaridda g‘olib bo‘ldi, tomonlar shartnoma imzoladi va 29-iyul kuni yetkazib beruvchi uskunalarni Jizzaxdagi BYD zavodiga olib keldi.
Ammo zavod uskunalarni qabul qilmadi.
Yetkazib beruvchi shartnomada nazarda tutilgan aynan o‘sha tovarni olib kelganini ta’kidladi. BYD esa uskunalar belgilangan talablarga mos kelmasligini bildirdi. Ammo ularni qabul qilmaslik sabablarini ma’lum qilmadi.
Nizo sudgacha yetib bordi: dastlab National Consulting Business ikki instansiyada yutqazdi. Biroq 2026-yil mart oyida ish qayta ko‘rib chiqilib, avvalgi sud qarorlari bekor qilindi.
Yakunda sud BYD Uzbekistan Factory’dan 240 mln so‘m qarzdorlik va 12 mln so‘m jarimani undirish haqida qaror chiqardi.
Bu voqea "O'zavtosanoat" AJgacha ham yetib bordi. Ichki tekshiruv yakunida haqiqatda ham korxonada mahsulotni qabul qilishning tartibi buzilganligi tasdiqlandi va BYD’ning xaridlar bo‘linmasidagi xodimlardan biriga intizomiy jazo berildi va u boshqa lavozimga o‘tkazildi
Shu bilan birga, kompaniya o‘z tekshiruviga ko‘ra korrupsiya alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.
National Consulting Business vakilining tanga.uz'ga ma’lum qilishicha, mahsulotni qabul qilishdan bosh tortilishi kompaniya uchun kutilmagan holat bo‘lgan.
Ularning ta’kidlashicha, kompaniya 15 yildan beri davlat xaridlarida qatnashadi va odatda yirik davlat korxonalarida mahsulotlar mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilib, qabul qilish yoki qaytarish tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
Yetkazib beruvchining so‘zlariga ko‘ra, mahsulot Jizzaxdagi zavodga olib borilganda xarid bo‘limi xodimi uni ko‘rish va tekshirishdan bosh tortib, nasoslarni Toshkentga qaytarib olib ketishni talab qilgan.
Shundan keyin kompaniya vakillari BYD’ning komplayens bo‘limiga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng korxonaning komplayens bo‘limiga kirishga majbur bo‘ldik. Komplayens bo‘limi xodimining aralashuvidan keyingina korxonaning texnik xodimlari chaqirildi va ular nasoslarimizni ko‘zdan kechirishdi — deydi vakil.
Kompaniya vakilining aytishicha, aynan texnik xodimlar bilan suhbat vaqtida vaziyatdagi asosiy qarama-qarshilik yuzaga chiqqan.
Korxonaning texnik xodimlari biz aynan shartnomadagi nasosni yetkazib berganligimizni, ammo ular xarid bo‘limiga boshqa markadagi nasoslarni sotib olish uchun buyurtma berishganlarini aytib, buyurtmaning telefondagi suratini ko‘rsatishdi — dedi u.
National Consulting Business shuningdek, mahsulotni qabul qilmaslik sabablari ularga yozma ravishda taqdim etilmaganini ta’kidlaydi.
Kompaniya vakilining aytishicha, rad etish vaqtida tegishli dalolatnoma ham tuzilmagan va keyinchalik ham BYD’dan yozma xabarnoma olinmagan.
Shu yerda nuqta qo‘yib, buni bitta muvaffaqiyatsiz shartnoma bilan bog‘lash mumkin edi. Ammo biz BYD Uzbekistan Factory’ning boshqa xaridlarini ham ochib ko‘rishga qaror qildik.
BYD Uzbekistan Factory qanday kompaniya?
Surishtiruvimizni davom ettirishdan avval, BYD Uzbekistan Factory qanday kompaniya va nega umuman uning xaridlari bizga qiziq bo’lishi kerak degan savolga oydinlik kiritishimiz zarur.
BYD Uzbekistan Factory 2022-yil dekabrida Xitoyning BYD kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ hamkorligida qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan.
Jizzax viloyatidagi zavodda avtomobil ishlab chiqarish 2024-yilda boshlangan. Korxonaning 60 foizi “O‘zavtosanoat”ga, 40 foizi esa BYDga tegishli.
“O‘zavtosanoat”ning yagona aksiyadori O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi - davlat tashkiloti.
Shu sababli BYD Uzbekistan Factory xaridlari jamoatchilik manfaatiga daxldor: gap shunchaki xususiy biznes haqida emas, balki nazorat paketi davlat kompaniyasi orqali davlatga tegishli bo‘lgan korxona haqida ketmoqda.
Demak, jurnalistlar va jamoatchilik bunday korxona nimani, kimdan va qanday narxda xarid qilayotgani haqida savol berishga haqli. 2024–2025-yillarda BYD Uzbekistan Factory 3 mingdan ortiq xaridni amalga oshirgan.
Surishtiruv doir sida biz qariyb 300 ta shartnoma va yuzlab tovar pozitsiyalarini o‘rgandik — narxlarni solishtirdik; yetkazib beruvchilar, shartnoma shartlari va ular bilan bog‘liq hujjatlarni tahlil qildik.
BYD Uzbekistan Factory va Azimut Group MA
National Consulting Business o’zining Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasiga yo’llagan xatida Azimut Group MA korxonasini tilga olgan.
Siz videoni boshida eshitgan holatda agar National Consulting Business ishni sudgcha olib bormaganida, nasoslarni BYDga katta ehtimol bilan "Azimut Group MA" MChJ yetkazib bergan bo’lar edi. Bu yerda hech qanday qonunbuzilishi yo’q.
Lekin har ehtimolga qarshi o’rganishlarni aynan Azimut Group MA dan boshladik.
Ushbu korxona bilan BYD Factory o’zbekistan 2024-2025- yillarda 104 ta shartnoma tuzgan. 2025-yilning yozida kompaniya 1,5 oy ichida Azimut bilan 82 ta shartnoma tuzadi.
104 ta shartnomada 253 ta tovar pozitsiyasi mavjud - biz ularni barchasini o’rganib chiqdik.
Natijalariga ko’ra, 253 tovar pozitsiyasidan 61 tasida sotib olinayotgan tovarning faqat xaraktiristikasi nomutanosib yoki abstrakt tuzilgan.
88 tasida faqat narx bilan bog’liq savollar paydo bo’ldi, 35 tasida ham narx ham xarakteristikadagi noaniqliklar aniqlandi. Qolgan 69 ta pozitsiyada sezilarli nomuvofiqlik aniqlanmadi
Aniqlangan holatlardan biri — moy xaridi. BYD Uzbekistan Factory ishlab chiqaruvchining o‘zida 70 mln so‘m turadigan mahsulotni Azimut Group dan 4,7 mln so‘mga sotib olgan.
Bir qarashda bu juda ajoyib xaridga o‘xshaydi. Ammo hammasi oddiy emas. 2025-yil 10-iyul kuni BYD Uzbekistan Factory Azimut Group MA bilan uchta 5 litrlik moy xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Har birining boshlang‘ich narxi 6,15 mln so‘m bo‘lgan, yakunda esa 4,7 mln so‘mdan xarid qilingan. Shartnomaning umumiy qiymati — 14,1 mln so‘m.
Eng muhimi, shartnomada shunchaki “moy” deb yozilmagan. Unda aniq mahsulot ko‘rsatilgan: VACUMA PFPE 6 LIKSIR 202002.
Ishlab chiqaruvchi — Rossiyaning LIKSIR kompaniyasi, hajmi — 5 litr.
Bunday mahsulot haqiqatdan ham mavjud. VACUMA PFPE 6 — perftorpoliefir, ya’ni PFPE asosidagi maxsus sintetik vakuum moyi. U vakuum tizimlari va sanoat uskunalarida ishlatiladi.
Ishlab chiqaruvchining amaldagi praysida uning 5 litri 70 mln so’m atrofida turadi. BYD esa, agar shartnomadagi mahsulot nomiga ishonsak, xuddi shu mahsulotni 4,7 mln so‘mga sotib olgan. Ya’ni deyarli 15 baravar arzon.
Zo‘r xarid. Ammo shartnomaning boshqa qismini ochamiz. Bu yerda ayni mahsulot endi “motor moyi” deb yozilgan. Uning klassi — barcha mavsum uchun, qo‘llanish sohasi esa — tabiiy gazda ishlaydigan dvigatellar uchun.
Muammo shundaki, bu endi boshqa mahsulot. VACUMA PFPE 6 gazda ishlaydigan avtomobil yoki boshqa dvigatel uchun motor moyi emas.
Ishlab chiqaruvchining o‘zi uni vakuum tizimlari uchun maxsus PFPE moyi sifatida ko‘rsatadi. Narxlar ham farqning qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi.
Biz topgan bozordagi takliflarda shartnomaning ikkinchi tavsifiga — ya’ni tabiiy gazda ishlaydigan dvigatellar uchun motor moyiga — mos 5 litrlik mahsulotlar odatda 200 mingdan 700 ming so‘mgacha turadi.
Endi uchta raqamni yonma-yon qo‘yamiz. Shartnomada nomi ko‘rsatilgan VACUMA PFPE 6 — ishlab chiqaruvchining amaldagi narxida 70 mln so’m.
Shartnomadagi texnik tavsifga mos oddiy gaz dvigateli motor moylari — 200–700 ming so‘m. BYD to‘lagan narx esa — 4,7 mln so‘m.
Xo‘sh, kompaniya aslida nimani sotib olgan?
Agar bu shartnomada aniq ko‘rsatilgan VACUMA PFPE 6 bo‘lsa, BYD ishlab chiqaruvchining narxiga nisbatan juda arzon narxda xarid qilgan.
Agar bu texnik tavsifda yozilgan gaz dvigatellari uchun motor moyi bo‘lsa, unda nega shartnomada mutlaqo boshqa, juda qimmat va maxsus vakuum moyining aniq markasi ko‘rsatilgan?
Ochiq hujjatlarga qarab bu savolga aniq javob berib bo‘lmaydi.
Shuni aytib o’tish kerakki, biz VACUMA PFPE 6’ning aynan 2025-yil 10-iyuldagi ishlab chiqaruvchi narxini topa olmadik. 70 mln — ishlab chiqaruvchining amaldagi rubl kursi asosidagi narxi.
Boshqa tomondan bir yil ichida uning narxi 15 baravarga oshgadin haqida ham ma’lumot yo’q. Ammo bu yerda narxdan ham muhimroq muammo bor.
Bitta shartnomada mahsulotning aniq nomi va modeli bir tovarni, texnik xususiyatlari esa butunlay boshqa tovarni ko‘rsatmoqda. Va bu yagona holat emas.
Tohnichi CTB25N2X10D-G dinamometrik kaliti → Tohnichi liniyasida bunday modelni topmadik, biroq shartnomadagi xususiyatlar CTB20N2X10D-G modeliga mos keladi.
Bu yerda narx ham qiziq: BYD kalitni 5,99 mln so‘mga sotib olgan. Shartnomada ishlab chiqaruvchi davlat sifatida Yaponiya ko’rsatilgan.
Tohnichi’ning Yaponiyadagi saytida esa CTB20N2X10D narxi 121 100 iyena — amaldagi kurs bo‘yicha qariyb 9 mln so‘m.
Ya’ni BYD haqiqatan ham tavsifga mos Tohnichi’ni olgan bo‘lsa, Azimut uni BYD’ga hatto ishlab chiqaruvchining o‘zidagi narxdan ham arzonroq sotgan.
“Rele moduli” PMC10 SE → PMC10 SE markasi 0,4 kg og‘irlikdagi AGV uchun sanoat tracking sensor’iga tegishli.
Buni faqatgina bojxona ma’lumotlari orqali tasdiqlay oldik (mahsulot 2025-yil 12-iyunda import qilingan, shartnoma 15-iyulda tuzilgan).

Ammo shartnomadagi xususiyatlar 10×28 mm o‘lchamli va 10 gramm og‘irlikdagi DFRobot SEN0017 kichik Arduino-datchigiga deyarli so‘zma-so‘z mos keladi.
Ya’ni marka bitta sanoat datchigini ko‘rsatmoqda, texnik topshiriq esa mutlaqo boshqa, juda kichik qurilmani tasvirlayapti.
Shartnomadagi narx esa 58,9 mln so’m, importdagi mahsulot narxi 24 mln so’m atrofida, DFRobot SEN0017 narxi esa 100 ming so’m atrofida turadi.
“Kombinatsiyalangan kalitlar to‘plami” → xususiyatlariga ko‘ra bu 1/2 dyuymli zarbali torsevaya golovkalar to‘plamiga mos keladi: oddiy va chuqur golovkalar, 9–30 mm diapazon hamda CrMo materiali ko‘rsatilgan.
Kombinatsiyalangan kalitlar va zarbali torsevaya golovkalar — turli xil asboblar, shu sababli pozitsiya nomi uning texnik tavsifiga mos kelmaydi.
2024-yil 26-sentabrdagi (lot raqami 385450) tenderda BYD Azimut bilan 114 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha qariyb 620 mln so‘mlik shartnoma tuzgan — biz ularning bir qismida tovar nomi bilan texnik tavsif o‘rtasida jiddiy nomuvofiqliklarni aniqladik.
“Yog‘ochga ishlov beruvchi burg‘ulash stanogi” → xususiyatlarda magnit asos va metallni koronka bilan burg‘ulash ko‘rsatilgan. Magnit asos stanokni metall yuzaga mahkamlash uchun kerak.
Yog‘ochga ishlov beruvchi stanok uchun bunday xususiyatning o‘zi mantiqsiz.
Bundan tashqari, mahsulot izohida keltirilgan texnik ko‘rsatkichlar Makita HB500 magnit asosli burg‘ulash stanogining xususiyatlariga ideal tog’ri keladi.
.jpg)
“Kombinatsiyalangan kalitlar to‘plami” → xususiyatlarda jag‘larning sozlanadigan ochilishi ko‘rsatilgan. Kombinatsiyalangan kalitning o‘lchami doimiy bo‘ladi; sozlanadigan jag‘lar esa razvodnoy kalitga xos.
“Rogovskiy g‘altagi” → ayrim pozitsiyalarda siqilgan havo uchun shlanglar, boshqasida esa rozetkalar va 30 metrlik elektr kabeli ko‘rsatilgan.
Rogovskiy g‘altagi — elektr tokini o‘lchaydigan datchik. Tok datchigida na havo shlangi, na rozetkalar bo‘lishi mumkin.
Boshqa korxonalar
Boshqa korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarda ham bir qancha noaqniqliklar aniqlandi.
“Sabzavot va mevalar uchun quritish shkafi” → texnik parametrlar va mahsulot markasida esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “ЦМИ brendidagi sabzavot saqlash qutisi (Ларь)” ko‘rsatilgan: bu sabzavotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan, zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan perforatsiyalangan idish. “Ларь” hech narsani quritmaydi — uning vazifasi mahsulotni saqlash.
“Termostatik golovka” → tavsif esa 60 litrlik elektr termos-qaynatgichni ko‘rsatadi: zanglamaydigan po‘latdan, 220 V kuchlanishda ishlaydi, qopqog‘i va ikkita tutqichi bor.
Termostatik golovka — haroratni boshqarish tizimining elementi; unda 60 litrlik sig‘im va tutqichlar bo‘lishi mumkin emas.
“Keramik qo‘l yuvgich” → keyingi satrning o‘zida u 500×500×500 mm o‘lchamdagi, zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan devorga o‘rnatiladigan sensorli qo‘l yuvgich sifatida tasvirlangan.
Ya’ni mahsulot nomidagi material bilan texnik tavsifdagi material bir-biriga mos kelmaydi.
Bu yerda narx ham qiziq: Protokolda — 49,28 mln so‘m, biz topgan professional po‘lat sensorli modellarning o’rtacha narxi esa 6 mln so‘m atrofida.
Deyarli 50 million so’mga yuqori texnologiya asosidagi qo’l yuvgich olingan bo’lishi mumkin, ammo xarakteristikadagi ma’lumotlar juda kamlik qiladi, buni ustida nomutanosib.
Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yildagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 40-bandiga ko‘ra, ishtirokchi elektron do‘konda o‘zi joylashtirgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar hisoblanadi.
Bu xaridlarning deyarli barchasi elektron do‘kon orqali amalga oshirilgan. Shu sababli yuqorida ko‘rgan nomutanosibliklar ortidan yana bir muhim savol paydo bo‘ladi.
Uni tushunish uchun avvalo elektron do‘kon qanday ishlashini bilish kerak.
Elektron do‘kon qanday ishlaydi?
Yetkazib beruvchi tovarni mustaqil ravishda joylashtiradi, uning markasi, texnik xususiyatlari va narxini ko‘rsatadi.
Buyurtmachi katalogdan kerakli tovarni topib, aniq bir ofertani tanlaydi. Shundan so‘ng tizim avtomatik ravishda o‘xshash tovarlarni taklif qilayotgan boshqa yetkazib beruvchilarga narx so‘rovini yuboradi.
Yetkazib beruvchilar narx bo‘yicha raqobatlashadi. Xarid shartlariga mos kelgan holda eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi g‘olib bo‘ladi.
Agar boshqa takliflar bo’lmasa, o’sha yagona ofertani joylagan korxona bilan savdolashiladi. Shartnoma dastlab tanlangan ofertada ko‘rsatilgan tovar va shartlar asosida shakllantiriladi.
Sodda qilib aytganda, tadbirkor sifatida men elektron do‘konga o‘zimdagi mahsulotni joylayman. Uni keyinchalik qaysi tashkilot sotib olishini oldindan bilmasligim mumkin.
Agar buyurtmachi mening ofertamni tanlasa, tizim o‘xshash tovarlarni taklif qilayotgan boshqa yetkazib beruvchilarga ham narx so‘rovini yuboradi va ular pastroq narx taklif qilib, raqobatga qo‘shilishi mumkin.
Ammo men joylagan ofertada tovar nomi yoki texnik xususiyatlari noto‘g‘ri yoxud boshqa mahsulotga mos qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, tizim boshqa tadbirkorlarning aslida o‘xshash tovarlarini ushbu oferta bilan bir guruhga kiritmasligi mumkin.
Bunday holatda ular narx so‘rovini olmasligi va raqobatga qo‘shilmasligi ehtimoli bor. Agar boshqa ishtirokchilar bo’lmasa, buyurtmachi men bilan savdolashadi va mendan sotib oladi.
Endi yuqoridagi xaridlarga qaytamiz. Biz ko‘rgan bir qator shartnomalarda tovar nomi, modeli yoki artikuli bir mahsulotni, texnik xususiyatlari esa mutlaqo boshqa mahsulotni ko‘rsatadi.
Elektron do‘kon mexanizmini hisobga olsak, bu yerda muhim savol tug‘iladi: bunday tavsifga ega oferta elektron do‘konda qanday paydo bo‘lgan?
Chunki ofertani BYD emas, yetkazib beruvchining o‘zi oldindan joylashtiradi. Keyin esa BYD xarid bo‘limi katalogdan aynan shu ofertani topib, xarid uchun tanlaydi.
Agar bir-biriga mos kelmaydigan nom, model va texnik xususiyatlar tasodifiy xato bo‘lsa, aynan shunday tavsifdagi ofertaning elektron do‘konda mavjud bo‘lishi va keyinchalik aynan BYD tomonidan tanlanishi qanday izohlanadi?
Yetkazib beruvchilar BYD xarid bo‘limiga qanday tovar kerakligini oldindan bilganmi? Ularga ochiq hujjatlarda mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha ma’lumot berilganmi? Yoki bu nomutanosibliklarning boshqa izohi bormi?
Bizningcha, aynan shu savollar vakolatli organlar tomonidan alohida va sinchkovlik bilan tekshirilishi kerak.
National Consulting Business vakili ham tanga.uz bilan suhbatda aynan shu mexanizmga e’tibor qaratadi.
Bizni qiziqtirgan savol: BYD korxonasiga bu qimmatbaho 3 dona nasoslar zarurligini, uning markasi va texnik ko‘rsatkichlarini tadbirkorlik sub’yekti oldindan qanday bilgan?
Uning so‘zlariga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasidagi komissiya yig‘ilishida ushbu nasoslarni elektron do‘konga joylashtirgan kompaniya rahbari e’lon berilgan paytda mahsulotlar uning omborida bo‘lmaganini bildirgan.
Bu kompaniya — Azimut Group MA edi.
National Consulting Business sud jarayonlari davomida aynan Azimut ushbu nasos bo‘yicha ofertani joylashtirganini aniqlaganini aytadi. Keyinchalik kompaniya BYD va Azimut o‘rtasidagi boshqa xaridlarni ham o‘rgangan.
Aynan shu MCHJ bilan BYD bir kunda 20-30 shartnomalar tuzib yurganligi, bir yil davomida bu korxona bilan bir necha milliard so‘mlik 100dan ortiq shartnomalar tuzilganligi aniqlandi.
National Consulting Business vakilining aytishicha, kompaniya ushbu holatlar yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Ularning ta’kidlashicha, qo‘mita tekshiruvdan so‘ng BYD Uzbekistan Factory va Azimut Group MA bo‘yicha ish qo‘zg‘atib, materiallarni Bosh prokuraturaga yuborgan.
Bundan tashqari, tadbirkor Azimut elektron do‘kondagi ayrim takliflarida yetkazib berish muddatini 1–3 kun deb ko‘rsatgani, amalda esa aksariyat tovarlar 3–4 oy o‘tib yetkazilganini aytadi.
Uning fikricha, agar real yetkazib berish muddati boshidanoq ko‘rsatilganida, bunday xaridlarda boshqa tadbirkorlar ham ishtirok etishi mumkin edi.
National Consulting Business vakilining mutaxassislar fikriga tayanib aytishicha, agar buyurtmachi aniq lot raqamini oldindan bilmasa, bir kun ichida bir kompaniya bilan tasodifan 20–30 ta shartnoma tuzish mumkin emas.
Biz ochiq xarid ma’lumotlarida National Consulting Business keltirgan raqamlarni alohida tekshirdik. Azimut Group MA bilan shartnomalar haqiqatan ham ayrim qisqa davrlarda juda zich jamlangan.
Shunga o‘xshash holat boshqa ayrim yetkazib beruvchilarda ham kuzatiladi.
- Azimut Group MA
- 26-sentabr — 28-noyabr 2024: 7 ta xarid — 4,261 mlrd so‘m;
- 12–26-iyun 2025: 24 ta shartnoma — 448,24 mln so‘m;
- 3–24-iyul 2025: 58 ta shartnoma — 3,531 mlrd so‘m;
- ayniqsa, 11–15-iyul oralig‘idagi 5 kun ichida 48 ta shartnoma — 2,045 mlrd so‘m;
- 14–20-noyabr 2025: 10 ta shartnoma — 362,76 mln so‘m.
- "LUX ELITE TOOLS" MChJ (hozirda "SOLOELITE" MCHJ)
- 11-yanvar — 4-fevral 2024: 29 ta shartnoma — 872,46 mln so‘m;
- 6–10-oktabr 2024: 9 ta shartnoma — 144,68 mln so‘m;
- 24–25-iyul 2025: 10 ta shartnoma — 811,1 mln so‘m.
- "ELECTRIC SUPPLY IMPEX" MChJ
- 7–25-iyul 2025: 71 ta shartnoma — 438,35 mln so‘m;
- shundan 7–11-iyul oralig‘idagi 5 kun ichida 51 ta shartnoma tuzilgan;
- aynan shu 5 kun kompaniya bilan tuzilgan shartnomalar umumiy qiymatining qariyb 82 foiziga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot o‘rnida, xaridlar amalga oshirilgan davrda LUX ELITE TOOLS ta’sischisi Husanxonov Abduvohidxon Bahodirxon o‘g‘li, Azimut Group MA ta’sischisi esa Husanxonov Abbosxon Baxodirxon o‘g‘li bo‘lgan.
Bu holatning o‘zi qonunbuzarlik yoki oldindan kelishuv mavjudligini anglatmaydi.
Elektron do‘kondagi xarid mexanizmi tenderdan farq qiladi va ochiq ma’lumotlar orqali LUX ELITE TOOLS hamda Azimut Group MA aynan bir xaridda bevosita o‘zaro raqobatlashganini tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.
tanga.uz maqolada sanab o‘tilgan shartnomalardagi nomutanosibliklar, yetkazib berilgan aniq mahsulotlar, narx tafovutlari va xarid tartibi yuzasidan BYD Uzbekistan Factory’ga batafsil savollarni yubordi. Biroq maqola chop etilgan vaqtga qadar kompaniyadan javob kelmadi.
National Consulting Business vakilining aytishicha, elektron do‘kon bilan bog‘liq muammolar faqat BYD misoli bilan cheklanmaydi.
Kompaniya o‘z amaliyotida boshqa buyurtmachilar bilan ham shunga o‘xshash holatlarga duch kelganini ta’kidlaydi.
Bizning amaliyotimizda uchrayotgan holatlar: elektron do‘konda g‘olib bo‘lamiz va shartnoma tuziladi. Shundan keyin buyurtmachilar bizga kelib, tovarlar allaqachon boshqa firmalar tomonidan ularga yetkazilganligini va o‘rnatilganligini, xaridlar esa nomiga o‘tkazilganligini aytib, shartnomani jarimasiz bekor qilishni taklif qilishadi — dedi vakil.
Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda ularga tovarni buyurtmachi bilan bog‘liq boshqa firmadan sotib olib, keyin o‘sha buyurtmachiga yetkazib berish taklif qilingan.
National Consulting Business bunday xavflarni kamaytirish uchun elektron do‘kon orqali xarid qilinadigan tovarlar doirasini cheklashni taklif qiladi.
Kompaniya vakilining fikricha, murakkab va qimmat mahsulotlar auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender orqali xarid qilinishi kerak.
Taklifimiz: murakkab, qimmatbaho tovarlarni sotib olmoqchi bo‘lsalar, buyurtmachilar auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender ko‘rinishidagi davlat xaridlari usullaridan foydalanishlari kerak. Elektron do‘konlarda, masalan, 100 000 000 so‘mgacha oddiy tovarlarni sotib olishga ruxsat berish kerak — dedi u.
Davlat xaridlari bo’yicha ekspert Kamol Niyazovning fikricha, mezonlarni standartlashtirish orqali bunday noqaniqliklarni oldini olish mumkin.
Narx juda keskin tushib ketsa — tannarxdan yoki ishlab chiqaruvchi narxidan ham past bo‘lsa — bu allaqachon red flag, ya’ni bunday bitimni tekshirish kerakligini ko‘rsatadigan signal. iPhone misolida olaylik. Aytaylik, Apple telefonning narxi 1,5 ming dollar deydi, biz esa kimdir uni 1 ming dollarga sotib olayotganini ko‘ramiz. Bu real holatga o‘xshamaydi. Bu birinchi red flag.
Ekspertning ta’kidlashicha, bu yerda bir nechta variant bo‘lishi mumkin. Birinchi variant — umuman tovarsiz operatsiya va pulni naqdlashtirish. Ikkinchisi — shartli ravishda ellikka-ellik: o‘nta iPhone buyurtma qilinadi, amalda beshtasi olinadi, qolgan beshtasining puli esa qandaydir yo‘l bilan olib qo‘yiladi.
Shu hisobiga narx past chiqadi. Uchinchi variant — hujjatlarda bir model, masalan, iPhone 18 ko‘rsatiladi, amalda esa eskiroq model, masalan, iPhone 12 olinadi.
Ya’ni narx past bo‘lishining sababi hujjatlarda ko‘rsatilgan tovar emas, boshqa tovar yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin.
Bu doimiy muammo va u lokal holat emas. Buyurtmachi, shartli qilib aytganda, g‘isht sotib oladi, amalda esa tosh oladi. Bunday holatlar korrupsiya, otkatlar yoki iqtisod qilishga urinish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, mening fikrimcha, BYD xaridlariga yanada qattiqroq e’tibor bilan qarash kerak. Bu yerda ham jamoatchilik nazorati, ham jurnalistlar ishlashi kerak — dedi Niyazov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarni kamaytirish uchun buyurtmachi tender o‘tkazayotganda e’lon berilishidan oldin tender hujjatlari ikki kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerak.
Bu bozor ishtirokchilari va jamoatchilik talablarni ko‘rib chiqishi, savollar berishi va, masalan, yetkazib beruvchilar doirasini sun’iy ravishda cheklaydigan shartlarga e’tiroz bildira olishi uchun qilingan.
Ammo amalda bu mexanizm deyarli ishlamaydi. Odamlar muhokamada deyarli qatnashmaydi. Biz o‘zimiz ham bir necha marta lotlarga izoh qoldirganmiz, ularni muhokama qilganmiz, takliflarimizni berganmiz — hech narsa bo‘lmagan. Ya’ni hozir bu jarayonning amaliy samaradorligi deyarli yo‘q. Shunchaki ikki kun vaqt yo‘qotiladi — dedi ekspert.
Ekspertning fikricha, bu borada Qozog‘iston tajribasiga qarash mumkin. Barcha tovarlar uchun mutlaqo bir xil talablarni belgilash mumkin emas, chunki toifalar turlicha.
Ammo har bir alohida tovar guruhi uchun mezonlarni standartlashtirish mumkin.
Masalan, mebel uchun o‘z mezonlari bo‘lishi kerak — sifat, yetkazib berish muddati va boshqa parametrlar. Kompyuterlar uchun boshqa, avtomobillar uchun boshqa, moylar uchun esa yana boshqa mezonlar. Qozog‘iston, tushunishimcha, aynan shu yo‘ldan borgan: alohida yo‘nalishlar uchun standart mezonlar shakllantirilgan va buyurtmachi talablarni shunchaki havodan olib qo‘ya olmaydi. U tizimda ko‘zda tutilgan mezonlardan foydalanishi kerak. Bizda ham shunga o‘xshash tizim bo‘lishi kerak: qurilish uchun alohida, tekstil uchun alohida, kompyuter texnikasi va boshqa toifalar uchun alohida — dedi Kamol Niyazov.
Ekspert yana bir muhim jihat — jamoatchilik muhokamasiga e’tibor qaratdi. Agar ishtirokchilar, jurnalistlar yoki assotsiatsiyalar tender hujjatlariga izoh yoki e’tiroz qoldirsa, buyurtmachi ularni majburiy tarzda ko‘rib chiqishi va yo inobatga olishi, yo nima sababdan qabul qilinmaganiga asoslantirilgan javob berishi kerak.
Hozir esa buyurtmachi bunday izohlar bo‘yicha umuman hech narsa qilmasligi ham mumkin. Shu sababli har bir murojaatni kuzatib borish va har bir lot bilan alohida ishlash zarur.
JINTING, foydali mahalliylashtirish va g’alati to’siq
Qayd etish kerakki, BYD Uzbekistan Factory xaridlaridan mutlaqo boshqa misol ham bor — Song Plus uchun sim to‘plamlarini mahalliylashtirish.
2025-yil sentabr oyida JINTING AUTOMOBILE ELECTRIC BYD’ning ikkita yirik tenderida g‘olib bo‘lgan. Ikki xaridning yakuniy qiymati QQS bilan 276,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
JINTING O‘zbekistonda 2024-yil avgustida ro‘yxatdan o‘tgan, ammo uning ortida avtomobil sim to‘plamlarini ishlab chiqaruvchi Xitoy kompaniyasi turadi.
Jizzaxda 12 mln dollarlik, yiliga 1 mln metr avtomobil kabeli ishlab chiqarish quvvatiga ega va 250 ta ish o‘rni yaratadigan loyiha ishga tushirilgan. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi loyihani aynan shunday ta’riflaydi.
Bungacha Song Plus uchun xuddi shu turdagi butlovchi qismlar import qilingan. Va mahalliylashtirish haqiqatan ham samara bergan.
Birinchi tenderda biz JINTING taklifining qariyb 81 foizini tashkil qilgan beshta artikulni aniq o’rgana oldik: ularning narxi avvalgi import qiymatidan 26–47 foizga arzonroq bo‘lgan.
Ikkinchi tenderda yana uchta aniq moslashtirilgan yirik pozitsiyada ham xuddi shunday holat kuzatildi..
Tenderdagi hajmlarni avvalgi importning birlik qiymati bo‘yicha hisoblaganda, faqat shu sakkizta tekshirilgan pozitsiyaning o‘zida farq qariyb 8 mln dollarni tashkil qiladi.
Bu — minimal hisob: qolgan pozitsiyalar bu hisob-kitobga kiritilmagan. Import ma’lumotlaridagi sanalarning aksariyati tenderdan oldingi 2-3 oyga tegishli. Ya’ni mahalliylashtirishning foydasini biz ko'rgan raqamlar tasdiqlaydi.
Ammo yetkazib beruvchini tanlash jarayonining o‘zi g‘alati ko‘rinadi.
Gap texnik topshiriq haqida emas. Tender hujjatlarining 2-ilovasi — “Dastlabki malaka tanlovini o‘tkazish tartibi va mezonlari”da agar ishtirokchida talab qilinayotgan yoki o‘xshash tovarni yetkazib berish tajribasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, ishtirokchi chetlashtiriladi deb yozilgan.
Ammo tender bayonnomasida aynan shu mezon Afzalroq, ya’ni kritik bo‘lmagan talab sifatida ko‘rsatilgan. JINTING bu mezon bo‘yicha 0 ball olgan, izohda esa o‘xshash mahsulot yetkazib berish tajribasini tasdiqlovchi ma’lumot yo‘qligi yozilgan. Shunga qaramay, kompaniya keyingi bosqichga o‘tgan.
E’lon qilingan hujjatlarda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 32, 42 va 69-moddalari buzilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi alomatlar mavjud: tender hujjatlarida majburiy deb belgilangan va ishtirokchini chetlashtirishni nazarda tutgan mezon JINTINGni baholash jarayonida amalda kritik bo‘lmagan mezon sifatida qo‘llangan.
Shu qonunning 67-moddasiga ko’ra, buyurtmachiga tender hujjatlariga faqat takliflarni topshirish muddati tugashidan oldin o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi.
Bunda takliflarni topshirish muddati kamida 10 ish kuniga uzaytirilishi kerak. Ammo bunday ma’lumotni xarid hujjatlaridan topishni imkoni bo’lmadi.
JINTING — profil ishlab chiqaruvchi, uning mahsuloti haqiqatan ham avvalgi importdan arzonroq chiqqan. Ajoyib.
Ammo nega avval majburiy to‘siq yaratilib, keyin bayonnomada uni amalda majburiy bo‘lmagan talabga aylantirildi? Bu mantiqsizlikdek ko’rinadi.
Yangi tajriba talabini boshidan majburiy qilmaslik yoki bosh kompaniyaning tajribasini hisobga olish mumkin edi.
Shunda hammasi mantiqan ko‘rinardi: yangi zavod, mahalliylashtirish, arzonroq narx va tenderdagi g‘alaba.
Ammo bu holatda BYD Uzbekistan Factory cheklovni o‘zi o‘rnatgan, keyin esa aynan shu mezon tender bayonnomasida kritik bo‘lmagan talabga aylangan.
Nega bu muhim?
tanga.uz BYD Uzbekistan Factory’ning 2024–2025-yillardagi 3 mingdan ortiq xarididan qariyb 300 ta shartnomani va ular doirasidagi yuzlab tovar pozitsiyalarini o‘rgandi.
O‘rganilgan xaridlarning bir qismida sezilarli nomuvofiqliklar aniqlanmadi. Boshqalarida esa narx, texnik xususiyatlar yoki xarid shartlari bo‘yicha savollar paydo bo‘ldi. Maqolada ularning eng muhimlarini keltirdik.
Bu maqola korrupsiya yoki talon-taroj haqida emas. Ochiq ma’lumotlar asosida buni tasdiqlaydigan dalillarimiz yo‘q.
Ammo surishtiruv davomida aniqlangan faktlar izoh talab qiladi. Biz o‘rgangan bir qator shartnomalarda mahsulotning aniq nomi, markasi yoki artikuli bir tovarni, texnik xususiyatlari esa boshqa tovarni ko‘rsatadi.
Ba’zan bitta pozitsiyaning o‘zida mutlaqo boshqa-boshqa mahsulotlarning belgilari aralashib ketgan: vakuum va motor moyi, turli turdagi podshipniklar, turli KUKA kabellari va boshqa uskunalar.
Yuqorida bayon qilingan elektron do‘kon mexanizmini hisobga olsak, savol tug‘iladi: bunday o‘ziga xos, ayrim hollarda esa bir-biriga zid xususiyatlarga ega ofertalar qanday qilib katalogda paydo bo‘lgan va keyinchalik BYD Uzbekistan Factory tomonidan aynan ular tanlangan?
Elektron do‘konda narx so‘rovi tanlangan oferta asosida shakllanadi. Demak, oferta ichidagi texnik xususiyatlar bir-biriga zid yoki haddan tashqari o‘ziga xos bo‘lsa, boshqa yetkazib beruvchilarning aynan shu talablarga mos taklif bilan raqobatga qo‘shilish imkoniyati ham cheklanishi mumkin.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasi ishtirokchilarni kamsitish, ayrim ishtirokchilarga boshqalarning zarariga ustunlik berish, ishtirokchilar sonini asossiz cheklash hamda raqobatni cheklash yoki bartaraf etishning boshqa shakllarini taqiqlaydi.
Shuningdek, davlat xaridlari jarayonida noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi esa savdolarda raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlarni, jumladan, ayrim ishtirokchilarga ustun sharoit yaratish, savdo jarayoni yoki natijalariga ta’sir ko‘rsatish hamda buyurtmachi va ishtirokchilar o‘rtasidagi raqobatga qarshi kelishilgan harakatlarni taqiqlaydi.
Shu sababli bir-biriga zid texnik xususiyatlarga ega ofertalar qanday shakllangani, ular qanday tanlangani va bunday tavsiflar boshqa yetkazib beruvchilarning narx so‘roviga qo‘shilish imkoniyatiga ta’sir qilgan-qilmagani alohida tekshiruvni talab qiladi.
tanga.uz vakolatli organlar ushbu holatlarni alohida o‘rganishi zarur, deb hisoblaydi. Xarid hujjatlaridagi o‘zaro zid yoki noaniq tavsiflar va aynan ularni tashkilotlar tomonidan tanlanishi bozorning qanchalik raqobatli ekanligi bo’yicha savollar tug’diradi.
Shu bilan birga, qayd etish kerakki, bunday holatlar kompaniyaning imidjiga ta’sir qiladi. Shu sababli BYD Uzbekistan Factory’ning o‘zi ham maqolada keltirilgan holatlarni batafsil o‘rganib, natijalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beradi, degan umiddamiz.
Agarda elektron do‘kon ko‘rinishidagi davlat xaridlarida ishtirok etsak, buyurtmachi qaysi tashkilot ekanligini oldindan bilmaymiz. Shu sababli faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Agarda BYD bilan shartnoma tuzilsa — hamkorlikka tayyormiz. Chunki BYD davlatimizning yirik korxonalaridan biri, undagi bir necha insofsiz xodimlari korxonaning obro‘si va nufuzini tushira olmaydi. Ishonchimiz komil: korxona undagi qonunbuzish holatlarini bartaraf etishga qodir — dedi National Consulting Business vakili.
Muallif: Nodirbek Norto‘rayev
