13-oktyabr kuni Apex Bank kuzatuv kengashi yig‘ilishida 100 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Bank ushbu emissiya doirasida investorlarga yillik 19 foiz daromad taklif etmoqda.
Emissiya shartlariga ko‘ra, har bir obligatsiyaning nominal qiymati 10 mln so‘m bo‘lib, chiqarilayotgan obligatsiyalarning umumiy soni 10 ming donani tashkil etadi.
Ularning muomalada bo‘lish muddati 2 yil bo‘lib, foiz to‘lovlari har chorakda amalga oshirilishi belgilangan.
Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lar yuridik shaxslarning, jumladan, kichik va o‘rta biznes subyektlarining kredit loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, bank ushbu mablag‘lardan jismoniy shaxslarga kredit ajratish va banklararo g‘aznachilik operatsiyalarida ham foydalanishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Apex Bank bugungi kunda eng yuqori daromadli omonatlarni taklif etayotgan banklardan biri hisoblanadi. Uning Prime omonati bo‘yicha yillik stavkasi 20 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 13-oktyabr kuni Apex Bank kapital bozori sohasidagi maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olindi.
Bank ushbu rejim doirasida valyuta obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda.
