O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirildi

19.10.2026 13:59
O'zbekchaРусский
Google kompaniyasining vakili Marsin Krasuski O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilganini e’lon qildi. Kompaniyaning rasmiy saytida ham O‘zbekiston xizmat mavjud bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirildi

Foto: TenChat

19-oktyabr kuni Samarqandda C5+1 formatidagi tadbir doirasida raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tmoqda.

Unda so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining vakili Marcin Krasuski O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilganini e’lon qildi.

Bugun Google O‘zbekistonda Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman — dedi u.

Kompaniyaning rasmiy saytida ham O‘zbekiston xizmat mavjud bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Biroq ushbu ro‘yxat internetdagi saytlar va mobil ilovalar orqali to‘lov qilish imkoniyatiga taalluqlidir.

Do‘konlarda Google Wallet orqali telefonni kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirib to‘lash mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida esa O‘zbekiston hozircha yo‘q.

Shuningdek, O‘zbekiston hududida Google Wallet ilovasini Google Play orqali yuklab olish imkoni ham hali mavjud emas.

Bundan tashqari, xizmatdan amalda foydalanish imkoniyati banklarning Google Pay bilan integratsiyasiga ham bog‘liq.

Shu sababli, Google Pay xizmatini O‘zbekistonda to‘liq joriy etish jarayoni hali yakunlanmagan, deb taxmin qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Google Pay xizmatini ishga tushirish masalasi bir necha yildan buyon muhokama qilib kelinardi.

Biroq joriy yilda bu boradagi jarayonlar faollashdi. Xususan, mart oyida shaxsga doir ma’lumotlarni ayrim shartlar asosida xorijda qayta ishlashga ruxsat beruvchi qonun imzolandi.

Aynan shu qonun talablari Google Pay hamda Apple Pay kabi to‘lov xizmatlarini joriy etishdagi to‘siqlardan biri edi.

Iyul oyida Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov xizmatlarni joriy etish bo‘yicha ishlar qanday ketayotgani haqida so‘zlab bergandi.

Usmanov o‘shanda tijorat banklari, HUMO va UZCARD bilan birgalikda xizmatlarni texnik integratsiya qilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

U dastlab bir yoki bir nechta bank yoxud milliy to‘lov operatorlaridan biri xizmatni ishga tushirishi mumkinligini ta’kidlagandi.

#google_pay

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan