Xalq Sug‘urta tashkiloti Davaktiv tasarrufiga o‘tkazildi

20.10.2026 12:23
O'zbekchaРусский
Xalq Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati Xalq Bankidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu sug‘urta kompaniyasini xususiylashtirish bo‘yicha ilk qadamlar tashlanganini ko‘rsatadi.
Xalq Sug‘urta tashkiloti Davaktiv tasarrufiga o‘tkazildi

Foto: Yandex Maps

Xalq Sug‘urta AJ Xalq Bankidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. 20-oktyabr kuni Korporativ axborot yagona portalida bu bo‘yicha muhim fakt e’lon qilindi.

Portalga joylashtirilgan axborotga ko‘ra, Xalq Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining 100 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tgan. Gap umumiy qiymati 80 mlrd so‘m bo‘lgan 80 mln dona aksiya haqida ketmoqda.

Shu munosabat bilan Xalq Sug‘urta tashkiloti Xalq Bankining affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Bu sug‘urta kompaniyasini xususiylashtirish bo‘yicha ilk qadamlar tashlanganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 28-avgust kuni Prezidentning iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur farmonda Xalq Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati 2026–2027-yillarda ommaviy savdoga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, Xalq Sug‘urta kompaniyasi hozirda mavjud to‘qqizta davlat bankidan biri bo‘lgan Xalq Banki tomonidan 2011-yilning 24-mart sanasida tashkil etilgan.

Kompaniya joriy yilning birinchi yarmida sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishdan 30 mlrd so‘m daromad ko‘rgan. Ushbu davrni esa 15,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.

#xalq_sug'urta#xalq_banki#davaktiv

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan