22-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatida yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Unda banklarning kredit ajratish tartibi, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish hamda kredit olish jarayonidagi ortiqcha talablarni bekor qilish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda aytilishicha, hozirda kredit olish uchun 102 turdagi hujjat talab qilinmoqda. Shundan 53 tasi axborot tizimlarida mavjud bo‘lsa, yana 22 tasining kredit ajratishga aloqasi yo‘q.
Shu bois davlat rahbari kreditlash jarayonidagi ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, banklar faoliyatini yangi moliyaviy mahsulotlar soni bilan emas, balki ushbu mahsulotlar orqali qancha korxona moliyaviy resurs olgani va biznes qanchalik o‘sgani bilan baholash zarurligi ta’kidlandi.
Prezident Andijonda kreditlarni faqat garovga bog‘lab qo‘ymasdan, pul oqimi va aniq buyurtmalarga qarab ajratish uchun 20 ta yangi moliyaviy mahsulot yaratish topshirilganini eslatdi. Ushbu yondashuv Qashqadaryoda ham amaliy natija berishi kerakligi qayd etildi.
Yig‘ilishda banklar aholi va tadbirkorlarning loyihalariga moliyaviy resurs yetkazib berishda aniq natija ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi.
Kreditlash tartibini soddalashtirish mahallalardagi tashabbuslarni moliyalashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni tezlashtirishga xizmat qilishi kerakligi qayd etilgan.
