Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisiga o‘rinbosar tayinladi

22.10.2026 14:07
O'zbekchaРусский
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankida investitsiyalar tahlilchisi sifatida ikki yil davomida ishlagan Alisher Ismatovich Kuchiyev Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisiga o‘rinbosar tayinladi

Alisher Kuchiyev / Foto: LinkedIn

Alisher Kuchiyev Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Tayinlov Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva farmoyishi bilan amalga oshirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimida Kamoliddin Karamiddinovich Mardonov faoliyat yuritmoqda.

Kamoliddin Mardonov / Foto: Prezident matbuot xizmati

U mazkur lavozimga joriy yilning 3-oktyabr kuni Prezident farmoni bilan tayinlangan.

Alisher Kuchiyev haqida

Alisher Ismatovich Kuchiyev haqida ochiq manbalarda ma’lumotlar kam. Biroq uning LinkedIn sahifasida mehnat faoliyati va ta’limi bilan bog‘liq ma’lumotlar berilgan.

Ularga ko‘ra, Kuchiyev Rossiya, Italiya va Ispaniyada ta’lim olgan hamda moliya va investitsiyalar sohasidagi bir nechta tashkilotlarda ishlagan.

Jumladan, 2016–2020-yillarda Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabida (Higher School of Economics) davlat boshqaruvi yo‘nalishida bakalavriat bosqichida tahsil olgan.

2020–2022-yillarda esa shu oliygohda biznes uchun menejment va tahlil yo‘nalishida magistrlik darajasini olgan.

Shuningdek, 2021-yilda Kuchiyev Italiyaning LUISS Business School maktabida katta ma’lumotlar va menejment yo‘nalishida, Ispaniyaning UPF Barcelona School of Management maktabida esa xalqaro biznes bo‘yicha akademik mobillik dasturlarida qatnashgan.

Uning mehnat faoliyati 2017-yilda Rossiyaning Gazprom International kompaniyasida korporativ biznesni rivojlantirish yo‘nalishida boshlangan. U ushbu kompaniyada 2020-yil fevraligacha ishlagan.

2021-yil yanvaridan 2022-yil martigacha Moskvada joylashgan Milestone Capital kompaniyasida xususiy kapital bo‘yicha tahlilchi lavozimida faoliyat yuritgan.

2022-yil oktyabrida Kuchiyev O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya fondida (Uzbekistan Direct Investment Fund) investitsiyalar tahlilchisi sifatida ish boshlagan.

2023-yil aprelida investitsiyalar bo‘yicha menejer lavozimiga ko‘tarilgan, 2024-yil fevralidan sentyabrigacha esa fondning investitsiyalar direktori bo‘lib ishlagan.

2024-yil oktyabrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankiga (AIIB) investitsiyalar tahlilchisi sifatida ishga kirgan hamda joriy yilning oktyabr oyigacha faoliyat yuritgan.

#alisher_kuchiyev

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan