IMAN Invest kompaniyasi faoliyati yuzasidan IFCB islom moliyasiga muvofiqlik kengashi va kompaniya vakillari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi.
IFCB vakili investorlar mablag‘lari bilan bog‘liq muammolar va kamomad borligini bildirmoqda.
Kompaniya asoschisi esa ayblovlarni rad etib, ushbu masalaga shaxsiy sabablarni ham keltirgan. Shundan so‘ng tomonlar yana yangi bayonotlar bilan chiqdi.
IFCB vakilining birinchi bayonoti
25-oktyabr kuni IFCB Islom moliyasiga muvofiqlik bo‘yicha kengash a’zosi Mahmud Usmon o‘zining Instagram sahifasida Iman Invest kompaniyasi faoliyati yuzasidan videomurojaat e’lon qildi.
Unda kengash kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qilib, tekshiruv davomida investorlar mablag‘lari bilan bog‘liq jiddiy muammolar va bir necha million dollarlik kamomad aniqlanganini bildirdi.
Mahmud Usmonning aytishicha, joriy yil iyul oyida kengashga kompaniyadagi shubhali tranzaksiyalar haqida hujjatlar kelib tushgan.
O‘tkazilgan moliyaviy, huquqiy va shariat tekshiruvlari natijasida kompaniya rahbariyati investorlar mablag‘larini islom moliyasi tamoyillari, ichki hujjatlar va qonunchilikka zid ravishda ishlatgani aniqlangan.
Uning ta’kidlashicha, ayrim holatlar kompaniya rahbarlari tomonidan ham tan olingan.
IFCB kengashi kompaniya faoliyatini islom moliyasi talablariga muvofiq emas deb baholagan hamda kamchiliklar bartaraf etilib, investorlar zarari qoplanmaguncha unga mablag‘ kiritmaslikni tavsiya qilgan.
Mahmud Usmon kengash xulosasi va uning asoslarini jamoatchilikka e’lon qilishga, shuningdek, ularni mustaqil auditorlar va davlat idoralariga taqdim etishga tayyor ekanini bildirgan.
Iman tomonidan munosabat
Bir kun o‘tib, 26-oktyabr kuni Iman Invest asoschisi Rustam Rahmatov ham videomurojaat bilan chiqib, Mahmud Usmonning da’volariga munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, kompaniya Mahmud Usmon bilan ikki yarim yil davomida hamkorlik qilgan va shu vaqt ichida unga maosh sifatida 100 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘lagan.
Rahmatovning ta’kidlashicha, kelishmovchilik oylik to‘lovlarni kamaytirish masalasi hamda Mahmud Usmonning Iman xolding aksiyalaridan ulush so‘ragani ortidan boshlangan.
Kompaniya rahbariyati sheriklari bilan maslahatlashib, ushbu talabni rad etganini bildirgan. Uning fikricha, videomurojaatda keltirilgan ayblovlar aynan shu kelishmovchilikdan keyin e’lon qilingan.
Shuningdek, Rahmatov kompaniya ikki yil avval auditdan o‘tib, faoliyatiga ijobiy xulosa olganini aytdi. Hozirda esa kompaniyaning faoliyati qayta tekshirilayotganini, audit natijalari jamoatchilikka taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Rahmatov kompaniya investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari uchun mas’ul ekanini ta’kidlab, yuzaga kelgan kelishmovchilikni qonuniy yo‘l bilan hal qilishini bildirgan.
Keyingi videomurojaat
Mahmud Usmon Iman Invest asoschisi Rustam Rahmatovning javobidan so‘ng yana videomurojaat e’lon qildi.
U Rahmatovning kompaniyadan ulush talab qilgani haqidagi da’volarini rad etib, bu gaplarni tuhmat deb atadi.
Mahmud Usmon o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblovlar yuzasidan sudga murojaat qilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, u o‘z bayonotini tasdiqlovchi 50 dan ortiq hujjatni shaxsiy Telegram kanalida e’lon qilishini bildirdi.
Mahmud Usmonning aytishicha, moliya mutaxassislari kompaniyaning 70 mln dollarlik portfelida taxminan 20 mln dollarlik kamomad borligini muhokama qilgan.
U bu raqam o‘zining shaxsiy xulosasi emasligini, balki moliyaviy mutaxassislar ishtirokidagi uchrashuvlarda muhokama qilinganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqdagi hujjatlar va uchrashuvlar yozuvlari ham jamoatchilikka taqdim etiladi.
IFCB vakili shubhali tranzaksiyalarga oid hujjatlarni prokuratura va boshqa tegishli idoralarga topshirganini ham ma’lum qilgan.
Murojaatining so‘ngida esa Mahmud Usmon Rahmatovni o‘ziga nisbatan ayblovlar qo‘yish o‘rniga, investorlar mablag‘lari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va ularning pullarini qaytarish masalasiga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Imon tomonidan navbatdagi bayonot
26-oktyabr kuni IMAN Holding Kuzatuv kengashi kompaniyaning rasmiy Telegram kanalida yangi bayonot e’lon qildi.
Ushbu bayonot e’lon qilinishidan avval kanaldan Rustam Rahmatovning videomurojaati o‘chirib tashlangan.
Kuzatuv kengashining ma’lum qilishicha, videomurojaatda kompaniya faoliyatiga oid masalalar bilan bir qatorda shaxsiy kelishmovchiliklar ham yoritilgan.
Shu sababli kengash ushbu videoni kompaniya sahifalaridan olib tashlashga qaror qilgan.
Kengash bu qaror kompaniyaga nisbatan bildirilgan da’volar tan olinganini anglatmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, u kompaniya faoliyatiga doir masalalarni mustaqil tekshiruv asosida ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Bayonotda bundan buyon kompaniya nomidan rasmiy ma’lumotlar matbuot xizmati hamda rasmiy kanallar orqali berib borilishi qayd etilgan.
Kuzatuv kengashi bildirilgan da’volar yuzasidan qo‘shimcha munosabat ham e’lon qilinishini ma’lum qildi.
.jpg)