Turkiyaning Pegasus Airlines aviakompaniyasi Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda.
Bu borada Uzbekistan Airports va aviakompaniya o‘rtasida kelishuvga erishilgan.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi va Nukusga parvozlarni tashkil etish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Kelishuvga erishilgan uchta yo‘nalish bo‘yicha reyslarni boshlash sanasi belgilangan.
Parvozlar Istanbuldagi Sabiha Gyokchen xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi.
Buxoroga parvozlarni 14-dekabrdan, Andijonga 18-dekabrdan, Termizga esa kelasi yilning 1-martidan boshlash rejalashtirilgan.
Kompaniya saytida ham ushbu yo‘nalishlar uchun chiptalar sotuvi aynan shu kunlardan boshlanishi ko‘rsatilgan.
Buxoro va Termiz yo‘nalishlarida haftasiga uch marta, Andijon yo‘nalishida esa haftasiga ikki marta parvozlar amalga oshiriladi.
Buxoroga reyslar dushanba, chorshanba va shanba kunlari, Andijonga dushanba va juma kunlari, Termizga esa dushanba, payshanba va shanba kunlari bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi yo‘nalishlarda Airbus A320 va A321 oilasiga mansub samolyotlardan foydalanish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Pegasus Airlines aviakompaniyasi hamyonbop narxdagi aviachiptalari bilan tanilgan. Kompaniya loukoster modelida ishlaydi.
Aviakompaniya saytida Istanbuldan ushbu uchta shaharga uchish narxi 87 yevro etib ko‘rsatilgan. Bu 30-oktyabr holatiga ko‘ra, rasmiy kurs bo‘yicha 1 mln 170 ming so‘mga teng.
