Turkiyaning Migros chakana savdo tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin

30.10.2026 15:02
O'zbekchaРусский
Anadolu Group xoldingi tarkibiga kiruvchi Turkiyaning Migros chakana savdo tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin. 29-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev xolding boshqaruv kengashi raisi bilan uchrashdi.
Turkiyaning Migros chakana savdo tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin

Foto: Shtampik

29-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida Anadolu Group xoldingi boshqaruv kengashi raisi Kamilxan Suleyman Yaziji bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda guruhning O‘zbekiston bozoriga kiritgan investitsiyalari, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jumladan, Samarqanddagi SamAvto korxonasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, Turkiyaning yirik chakana savdo tarmog‘ini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, chorvachilik majmuasini barpo etish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilingan.

Ma’lumot uchun, Anadolu Group Turkiyaning yirik xoldinglaridan biri bo‘lib, uning biznes faoliyati chakana savdo, ishlab chiqarish va avtomobilsozlik kabi sohalarni qamrab oladi.

Xolding tarkibiga Migros supermarketlar tarmog‘i ham kiradi. Prezident matbuot xizmati xabarida tilga olingan Turkiyaning yirik chakana savdo tarmog‘i aynan Migros bo‘lishi mumkin.

Biroq rasmiy xabarda kompaniyaning nomi ochiqlanmagan. Migros Turkiyaning chakana savdo bozoridagi yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi.

Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Migros mamlakatning 81 ta viloyatida 3 827 ta savdo nuqtasiga ega bo‘lib, ularda 77 mingdan ortiq xodim ishlaydi.

2026-yilning birinchi yarmida Migros tarmog‘ining tushumi 241 mlrd turk lirasini (taxminan 5 mlrd 171 mln dollar) tashkil etgan.

#migros

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan