Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

04.11.2026 11:44
O'zbekchaРусский
Markaziy bank 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Regulyatorga ko‘ra, inflyatsiya pasayishiga qaramay, ichki talab va energiya narxlari bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolmoqda.
Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: Avenir Deberdeyev / Sputnik

Markaziy bank 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.

Regulyatorga ko‘ra, inflyatsiya pasayishiga qaramay, ichki talab va energiya narxlari bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, iqtisodiy faollikning yuqoriligi inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkinligi hisobga olinib, shunday qarorga kelingan.

Sentyabr oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Bu avgust oyiga nisbatan biroz yuqori. Bunga meva, sabzavotlar, yoqilg‘i va ayrim xizmatlar narxining oshishi ta’sir qildi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda. Sentyabr oyida aholining kelgusi bir yillik uchun inflyatsion kutilmalari 8,7 foizni, biznesniki esa 9,2 foizni tashkil qilgan.

Markaziy bank jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligi va energiya resurslari bilan bog‘liq xatarlar tashqi inflyatsion bosimni kuchaytirayotganini qayd etdi.

Bu omillar import narxlari, ishlab chiqarish va transport xarajatlari orqali ichki bozordagi narxlarga ta’sir qilishi mumkin.

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,3 foizga o‘sdi. Bunda sanoat, qurilish va xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi.

Regulyator investitsion faollik va aholi real daromadlarining o‘sishi kelgusi oylarda ham ichki talabni oshirishini kutmoqda.

Shu sababli joriy yil yakunida yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozi 8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 2025-yilning 20-mart sanasida 0,5 foiz bandga ko‘tarilib, 14 foiz darajasiga yetkazilgandi.

Undan keyingi davrda bu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolmoqda. Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 16-dekabriga belgilangan.

#asosiy_stavka#markaziy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan