Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi O‘zbekiston va Qozog‘istonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini o‘rganmoqda.
Bu haqda aviakompaniya bosh direktori Skott Kirbi Cheeky Pint podkastida ma’lum qildi.

Skott Kirbi / Foto: Cheeky Pint
Uning aytishicha, aviakompaniya vakili Patrik Kueyl joriy yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurgan.
Safar davomida ushbu mamlakatlarga kelajakda parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan.
Kirbining ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda Rossiya havo hududidan foydalana olmaslik ushbu rejalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shunga qaramay, kompaniya bu yo‘nalishlarning kelajakdagi istiqbolini o‘rganib chiqmoqda.
Skott Kirbining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rishdan cho‘chimaydi.
Agar ular kutilgan natijani bermasa, parvozlar to‘xtatiladi va mavjud resurslar boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, United Airlines dunyodagi eng yirik aviatashuvchilardan biri hisoblanadi.
2025-yilda aviakompaniya 181 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Bugungi kunda uning kunlik reyslari soni 5 mingdan oshadi.
