Yandex yil oxirigacha Toshkentda robotlar orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi

05.11.2026 13:26
O'zbekchaРусский
Yandex Uzbekistan ekotizimi 2026-yil oxirigacha Toshkentda Yandex Lavka buyurtmalarini robotlar yordamida yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Hozirda robotlar zarur sinovlardan o‘tkazilmoqda.
Yandex yil oxirigacha Toshkentda robotlar orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan yil oxirigacha Toshkentda Yandex Lavka buyurtmalarini robotlar yordamida yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Hozirda robotlar zarur sinovlardan o‘tkazilmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Izzat Shukurov Kun.uz nashriga ma’lum qildi.

Yil oxirigacha yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga umid qilyapmiz. Hozirda yetkazib beruvchi robotlar zarur sinov bosqichlaridan o‘tmoqda. Robotlar oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor taomlar va kundalik ehtiyoj mollarini yetkazib beradi. Ularga faqat xizmatning yetkazib berish vaqti bo‘yicha talablariga javob beradigan yo‘nalishlar belgilanadi — dedi u.

Robotlar ikki kilometrgacha bo‘lgan masofaga yetkazib berishga mo‘ljallangan bo‘lib, piyodalar tezligida harakatlanadi.

Foydalanuvchilar buyurtma berish chog‘ida ilova orqali uning taxminiy yetib kelish vaqtini ko‘rishlari mumkin.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, robotlar harakatlanishda lidar va ultratovush datchiklaridan foydalanadi.

Olingan ma’lumotlar asosida ular svetofor chiroqlarini aniqlaydi, atrofdagi obyektlar harakatini oldindan chamalaydi, yo‘nalish tanlaydi va to‘siqlarni aylanib o‘tadi.

Kun.uz nashrining robotlar favqulodda yoki nostandart vaziyatlarda qanday harakat qilishi va bunday holatlarda odamlar nima qilishi kerakligi haqidagi savoliga quyidagi javob bergan.

Robot aksariyat vaziyatlarni mustaqil hal qila oladi. Nostandart holat yuzaga kelsa, u masofadan turib ishlaydigan operatorga murojaat qiladi. Robotni qo‘l bilan ko‘tarish yoki joyidan siljitish tavsiya etilmaydi, chunki u ancha og‘ir. Korpusidagi QR-kod orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish mumkin — deya tushuntirish bergan kompaniya.

Tajriba loyihasi natijalariga qarab, kompaniya robotlar orqali yetkazib berish xizmatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Jumladan, robotlardan ekotizimning boshqa servislari buyurtmalarini yetkazishda foydalanish va xizmatni boshqa kompaniyalarga ham taklif etish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyihaga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida joriy yilning iyul oyida ma’lum bo‘lgandi.

O‘shanda Toshkent ko‘chalarida robotlar paydo bo‘lgan va Yandex Uzbekistan ular Yandex Lavka buyurtmalarini yetkazib berish uchun sinovdan o‘tkazilayotganini tasdiqlagandi.

#yandex_lavka#izzat_shukurov

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan