5-noyabr kuni CX Banking Index 2026 tadqiqoti natijalari taqdim etildi.
Unda O‘zbekistondagi 34 ta bank va 5 ta fintex ilovasi mijozlar uchun qanchalik qulay ishlashi o‘rganilgan.

Foto: CX Banking Index 2026
Tadqiqot yakunida beshta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi.
Tadqiqot qanday o‘tkazildi?
CX Banking Index tadqiqotini mijozlar tajribasini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi CX Lab konsalting kompaniyasi o‘tkazgan.

Foto: CX Banking Index 2026
Ma’lum qilinishicha, tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad bank va fintex ilovalaridagi qulayliklarni hamda mijozlar duch keladigan muammolarni aniqlash bo‘lgan.
Shuningdek, unda xizmatlardan foydalanish jarayonini yaxshilash imkoniyatlari ham o‘rganilgan.
Buning uchun tahlilchilar Android operatsion tizimida ishlaydigan ilovalarda mijozlar bajaradigan amallarni takrorlagan.
Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish, shaxsni tasdiqlash, kartani ilovaga qo‘shish, pul o‘tkazish va turli xizmatlar uchun to‘lov qilish jarayonlari tekshirilgan.
Jarayon davomida ilovalardagi har bir bosqich, ekranda ko‘rsatilgan ma’lumotlar, xabarlar va yuzaga kelgan xatolar qayd etilgan.
To‘plangan ma’lumotlar tahlil qilinib, har bir ilova uchun mijozlar tajribasi indeksi hisoblangan. Shu asosda ilovalar tegishli nominatsiyalar bo‘yicha baholangan.
Nominatsiya g‘oliblari
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, beshta nominatsiya bo‘yicha quyidagi ilovalar kuchli uchlikdan joy olgan.
.png)
Foto: CX Banking Index 2026 / Edit: tanga.uz
Daily Banking — kundalik bank xizmatlari
Ushbu nominatsiyada mijozlarning bank ilovalaridan kundalik foydalanish qulayligi baholangan.
Bunda karta balansini ko‘rish, kartalarni boshqarish, pul o‘tkazish va turli xizmatlar uchun to‘lov qilish kabi amallar inobatga olingan.
- 1-o‘rin — payme
- 2-o‘rin — OFB
- 3-o‘rin — Beepul
CX Progress Leaders — mijozlar tajribasini yaxshilashdagi o‘sish
Mazkur nominatsiyada bank ilovalarining mijozlar uchun qulaylik darajasi o‘tgan yilgi natijalar bilan taqqoslangan.
Sodda qilib aytganda, ilovalarning bir yil davomida foydalanuvchilar uchun qanchalik takomillashgani baholangan.
- 1-o‘rin — OFB
- 2-o‘rin — TBC Bank Uzbekistan
- 3-o‘rin — Kapitalbank
First Impression — birinchi taassurot
Nominatsiyada foydalanuvchining ilovadan ilk bor foydalanish jarayoni o‘rganilgan.
Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish, shaxsni tasdiqlash va kartani ilovaga ulash bosqichlari baholangan.
- 1-o‘rin — MONIX
- 2-o‘rin — Click SuperApp
- 3-o‘rin — Beepul
P2P Transfers — kartadan kartaga pul o‘tkazmalari
Ushbu nominatsiyada bir foydalanuvchidan boshqasiga pul o‘tkazish jarayonining qulayligi baholangan.
Bunda qabul qiluvchini topish, karta yoki hisobni tanlash hamda pul o‘tkazmasini amalga oshirish jarayoni qanchalik tushunarli ekaniga e’tibor qaratilgan.
- 1-o‘rin — payme
- 2-o‘rin — Beepul
- 3-o‘rin — OFB
Payments — to‘lovlar
Bu nominatsiyada mobil aloqa, elektr energiyasi va boshqa xizmatlar uchun ilova orqali to‘lov qilish jarayoni o‘rganilgan.
Xususan, kerakli xizmatni izlab topish va to‘lovni amalga oshirish qanchalik oson ekani baholangan.
- 1-o‘rin — MONIX
- 2-o‘rin — OFB
- 3-o‘rin — Uzum Bank
Eslatma
CX Banking Index 2026 tadqiqotida mobil ilovalarda mijozlar duch keladigan xizmat ko‘rsatish jarayonlarini baholagan.
Shu sababli nominatsiyalarda egallangan o‘rinlar bankning moliyaviy jihatdan qanchalik barqaror yoki ishonchli ekanini anglatmaydi.
Ular faqat tadqiqotda tekshirilgan xizmatlardan foydalanish qulayligi bo‘yicha natijalarni aks ettiradi.
Shuningdek, tadqiqot Android ilovalari asosida o‘tkazilgan. Shu bois uning natijalarini iOS ilovalari faoliyatiga yoki bankning barcha xizmatlariga to‘liq tatbiq etib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq to‘lov tashkiloti mavjud. Tadqiqotda esa ularning barchasi qamrab olinmagan.
