Yangi uy sotib olayotganda qaysi hujjatlarni tekshirish kerak?

07.11.2026 17:13
O'zbekchaРусский
Yangi qurilayotgan uydan xonadon sotib olishda qurilishning qonuniyligi, zarur ruxsatnomalar va quruvchi kompaniyaning tajribasini tekshirishi kerak. Qurilish vazirligi buning uchun talab qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini ma’lum qildi.
Yangi uy sotib olayotganda qaysi hujjatlarni tekshirish kerak?

Foto: dp.ru

Yangi qurilayotgan uydan xonadon sotib olishda faqat narx va joylashuvga qarash yetarli emas. 

Xaridor qurilishning qonuniyligi, zarur ruxsatnomalar va quruvchi kompaniyaning tajribasini ham tekshirishi kerak. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi buning uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan hujjatlar haqida ma’lumot berdi.

Vazirlik e’lon qilgan videoda aytilishicha, xaridor birinchi navbatda qurilish amalga oshirilayotgan hudud bo‘yicha tuman hokimining qarori yoki yer uchastkasi auksionida g‘oliblik bayonnomasi mavjudligini so‘rashi lozim.

Shuningdek, sotuv ofisidan quyidagi hujjatlarni ham talab qilish tavsiya etiladi:

  • Tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limining ruxsatnomasi.
  • Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i.
  • Taklif etilayotgan loyiha shaharsozlik kengashi tomonidan ma’qullanganini tasdiqlovchi hujjat.
  • Loyiha shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tganini tasdiqlovchi xulosa.
  • Qurilishni boshlash uchun nazorat inspeksiyasi tomonidan berilgan ruxsatnoma.

Vazirlik xaridorlarga ushbu hujjatlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirishni tavsiya qilgan.

Agar qurilishning qonuniyligi borasida shubha tug‘ilsa, hujjatlarga to‘liq oydinlik kiritilmaguncha pul tikmaslik lozim.

Quruvchining tajribasi

Uy sotib olishdan oldin quruvchi kompaniyaning avvalgi faoliyati bilan ham qiziqish lozim.

Jumladan, kompaniya ilgari qancha turar joy majmuasini qurgani va ulardan nechtasini foydalanishga topshirgani haqida ma’lumot olish tavsiya etiladi.

Bu ma’lumotlarni Shaffof qurilish milliy axborot tizimining nazorat.mc.uz sayti orqali tekshirish mumkin. Buning uchun saytda quruvchi kompaniyaning STIR raqamini kiritish lozim.

Vazirlikning ta’kidlashicha, uy xarid qilishda hujjatlarni oldindan tekshirish xaridorni turli xavf-xatarlardan asrashga yordam beradi.

Shu sababli, xonadonning narxi yoki tashqi ko‘rinishi qanchalik jozibador bo‘lmasin, uni sotib olishdan oldin qurilishning qonuniy ekaniga ishonch hosil qilish muhimdir.

#shaffof qurilish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan