Ta’lim va ilm-fan vazirligi davlat oliy ta’lim muassasalarining uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 99 ta davlat oliygohi mavjud bo‘lib, ularning 51 tasiga oid ma’lumotlar e’lon qilingan.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ma’lumotlari ochiqlangan 51 ta oliygohning umumiy daromadi 7 trln 371 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shundan 4 trln 88 mlrd so‘mi yoki 55 foizi to‘lov-shartnoma (kontrakt) mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qolgan 2 trln 883 mlrd so‘mi (39 foizi) budjet mablag‘lari, 401 mlrd so‘mi (5 foizi) esa rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan shakllangan.
Ushbu davrda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining jami daromadi 572 mlrd so‘mni tashkil etib, birinchi o‘rinda qayd etilgan.
Universitet daromadining 72 foizi kontrakt to‘lovlaridan, 23 foizi budjet mablag‘laridan, qolgani esa rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan shakllangan.
Ushbu oliygoh umumiy xarajatlar bo‘yicha ham yetakchi bo‘lib, to‘qqiz oy ichida jami xarajatlari 673 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Daromad jihatidan undan keyingi o‘rinda O‘zbekiston Milliy universiteti joylashgan. Universitetning jami daromadi 544 mlrd so‘mni, jami xarajatlari esa 545 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Oliygoh daromadining 234 mlrd so‘mi yoki 43 foizi budjet mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ma’lumotlari ochiqlangan oliygohlar ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ulush jihatidan esa yetakchilik ToshTech texnika universitetiga tegishli bo‘lib, uning jami 39 mlrd so‘mlik daromadining barchasi budjet mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Undan keyingi o‘rinda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti joylashgan bo‘lib, oliygoh jami daromadining (85 mlrd so‘m) 57 foizi budjet mablag‘laridan shakllangan.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti esa ma’lumotlari keltirilgan oliygohlar ichida daromadining eng katta qismi kontrakt to‘lovidan tushgan muassasa bo‘ldi.
Institutning ushbu davrdagi jami daromadi 96 mlrd so‘mni tashkil etib, shuning 78 foizi kontrakt mablag‘lari hisobidan shakllangan.
Qolgan universitetlarning daromadlari va xarajatlari bilan pastdagi infografikada tanishish mumkin. Infografikada kerakli bo‘lim ustiga bosish orqali filtrlash imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, davlat oliy ta’lim muassasalari notijorat tashkilotlar hisoblanadi va ularning asosiy faoliyati foyda olishga yo‘naltirilmagan.
Shu sababli, hisobotda keltirilgan daromad va xarajatlar o‘rtasidagi farq asosida muassasalarning foyda yoki zarar ko‘rganligi haqida xulosa chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
