O‘zbekistonda bankomatlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, ularni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Bu haqda 9-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkor hamda investorlar bilan o‘tkazgan muloqotida ma’lum qilindi.
Muloqotda aytilishicha, o‘tgan yili mamlakatga 9 mingta bankomat import qilinib, buning uchun 50 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.
Savdo va ko‘ngilochar majmualar, yangi uy-joy massivlari soni ortishi bilan bankomatlarga bo‘lgan talab yanada oshishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan ularni mahalliy darajada ishlab chiqarish uchun zarur texnologiyalar hamda investorlarni jalb etish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.
