Deputatlar O‘zbekistonda uylarni ulush kiritish asosida qurishning yangi tartibini ma’qulladi

10.11.2026 18:52
O'zbekchaРусский
Deputatlar ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish tartibiga oid qonun loyihasini qabul qilib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yubordi. Hujjat fuqarolarning ko‘p kvartirali uy qurilishiga kiritgan mablag‘larini himoya qilish, quruvchilarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirishga qaratilgan.
Deputatlar O‘zbekistonda uylarni ulush kiritish asosida qurishning yangi tartibini ma’qulladi

Foto: aura.uz

10-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi.

Deputatlar hujjatni ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullab, ko‘rib chiqish uchun Senatga yubordi. Senat uni ma’qullagach, hujjat prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Qonun unda belgilangan muddatda kuchga kiradi. Ungacha deputatlar qabul qilgan yangi normalar amal qilmaydi.

Uy sotib oluvchilar uchun qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda?

Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolarning xonadon uchun to‘lagan mablag‘lari banklarda ochiladigan eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi.

Qurilish yakunlanib, uy foydalanishga topshirilgandan keyingina ushbu mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, ulushli qurilish shartnomasi notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shartnomaga kiritiladigan o‘zgartirishlar ham notarius orqali rasmiylashtiriladi.

Bu bitta xonadonning bir necha kishiga sotilishi hamda shartnoma shartlarining noqonuniy o‘zgartirilishining oldini olishga qaratilgan.

Agar quruvchi qonun talablariga zid ravishda fuqarolardan mablag‘ jalb qilsa, xaridor ushbu pulni qaytarishni va undan foydalanilgan davr uchun foiz to‘lanishini talab qilishi mumkin.

Loyihada uylarni topshirish muddati buzilgan holatlar uchun ham yangi tartib belgilanmoqda. Xususan, obyektni muammoli deb topish uchun qo‘shimcha olti oy kutish talab etilmaydi.

Quruvchi kamchiliklarni bartaraf etmasdan, faqat tovon to‘lash orqali muammoli obyektlar reyestridan chiqa olmaydi.

Bundan tashqari, quruvchi, qurilish obyekti va loyiha haqidagi ma’lumotlar Yagona axborot tizimiga joylashtiriladi.

Bu esa xaridorlarga uy sotib olishdan oldin loyiha va quruvchi haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Quruvchilar uchun qanday talablar belgilanmoqda?

Qonun loyihasida quruvchilar uchun ham bir qator talablar belgilangan.

Jumladan, quruvchi fuqarolardan mablag‘ jalb qilishi uchun Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzishi va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi lozim.

Faqat ushbu talablarga javob bergan quruvchilargina aholidan pul jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Qurilish to‘xtab qolgan holatlarda esa vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish, shuningdek, qurilishni davom ettirish uchun moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Yangi talablar qonun kuchga kirganidan so‘ng qurilish uchun ruxsatnoma olgan obyektlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu qonun loyihasi bo‘yicha muhokama 10-noyabr kuni quyi palata saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgan. Majlis yozuvini ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.

#eskrou#qonun_loyihasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan