Kredit reklamasida qarzni qaytarmaslik xavflari haqida ogohlantirish talabi joriy etildi

11.11.2026 11:48
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalari uchun yangi talab joriy etildi. Endilikda bunday reklamalarda qarz majburiyatlarini bajarmaslik bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish berilishi shart.
Kredit reklamasida qarzni qaytarmaslik xavflari haqida ogohlantirish talabi joriy etildi

Foto: Daryo

O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berish majburiy etib belgilandi. 

Bu haqda 2026-yil 10-noyabrda Reklama to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan. 

Unga ko‘ra, kredit, jumladan, mikroqarz reklamasida qarz oluvchi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish berilishi shart. 

Avvalgi tartibda moliyaviy xizmatlar reklamasida shartnomaning muhim shartlarini ochib berish, mijozlarni chalg‘itmaslik va ularning ishonchini suiiste’mol qilmaslik talablari mavjud edi. 

Biroq moliyaviy xatarlar haqida alohida ogohlantirish berish va buning uchun reklama maydonining muayyan qismini ajratish majburiyati belgilanmagan edi. 

Endilikda bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak. 

Ya’ni tasvirli reklamalarda reklama maydonining, audio va videoreklamalarda esa efir vaqtining kamida 10 foizi ogohlantirish uchun ajratiladi. 

Qonun 2026-yil 10-noyabrdan kuchga kirgan. Biroq kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xatarlar haqidagi ogohlantirishga doir yangi talab 2027-yil 10-fevralda kuchga kiradi.

#kredit#reklama

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan