Janubiy Koreyaning Hana Bank va Fransiyaning Societe Generale banklari O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochdi.
17-noyabr kuni Markaziy bank matbuot xizmati har ikki vakolatxona akkreditatsiyadan o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Vakolatxonalar O‘zbekiston moliya bozorini o‘rganish, shuningdek, davlat organlari, moliya tashkilotlari va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.
Societe Generale vakillari joriy yilning 22-iyun kuni Markaziy bank bilan uchrashuvda O‘zbekistonda vakolatxona ochishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi.
O‘shanda vakolatxona ochish uchun zarur tartiblar hamda valyuta kursi va foiz stavkalari o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish masalalari muhokama qilingan.
Hana Bank delegatsiyasi esa 18-iyul kuni Markaziy bank vakillari bilan uchrashgan bo‘lib, unda mamlakatda yangi tijorat bankini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, 11-sentyabr kuni Hana Bank hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida memorandum imzolangan.
O‘shanda bank O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozorida kengayish uchun muhim hudud sifatida ko‘rayotganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Societe Generale 1864-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 58 ta mamlakatida faoliyat yuritadi.
Hana Bank esa Janubiy Koreyaning yirik tijorat banklaridan biri hisoblanadi va dunyoning 27 ta mamlakatida o‘z faoliyatini olib boradi.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, mamlakatda xorijiy banklarning 8 ta vakolatxonasi ro‘yxatga olingan.

Manba: Markaziy bank
Yangi ikkita vakolatxona qo‘shilishi bilan ularning soni 10 taga yetadi. Ulardan uchtasi Janubiy Koreya banklariga tegishli bo‘ladi.
