Endi ish haqini istalgan bank kartasiga olish mumkin

18.11.2026 15:15
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda ish haqini istalgan bank kartasiga olish imkoniyati yaratildi. Endilikda xodimlar ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olishlari mumkin.
Endi ish haqini istalgan bank kartasiga olish mumkin

Foto: Bankers.uz

O‘zbekistonda ish haqini istalgan bank kartasiga olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda xodimlar ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olishlari mumkin.

Ilgari buning uchun, odatda, ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan alohida karta ochish talab etilardi.

Yangi imkoniyat esa xodimlarga o‘zlarida mavjud kartadan foydalanish imkonini beradi.

Buning uchun xodim tanlagan karta yoki elektron hamyon rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etishi kifoya.

Keyinchalik to‘lov rekvizitlarini o‘zgartirish ham mumkin. Bunda karta yoki elektron hamyon xodimning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Dastlabki bosqichda ushbu imkoniyat xususiy sektor tashkilotlari va ularning xodimlari uchun mo‘ljallangan.

Markaziy bank kelgusida foydalanuvchilarning takliflari asosida mazkur imkoniyatlarni kengaytirib borishini bildirgan.

Tizim qanday ishlaydi?

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, to‘lovlar Mablag‘larni taqsimlash markazi tizimi orqali amalga oshiriladi. 

Dastlabki bosqichda xodim o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyon rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etadi.

Shundan so‘ng tashkilot xodimlarga to‘lanadigan barcha to‘lovlar bo‘yicha yagona reyestr shakllantiradi va uni o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankka yuboradi. 

Bank reyestrni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlab, Mablag‘larni taqsimlash markaziga jo‘natadi. 

Tizim ma’lumotlarni tekshiradi hamda mablag‘larni xodimlar tanlagan banklar bo‘yicha taqsimlaydi. 

Yakunda esa qabul qiluvchi banklar mablag‘ni xodimning kartasi yoki elektron hamyoniga o‘tkazib beradi.

#ish_haqi_kartasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan