19-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar ikki davlat iqtisodiy sherikligining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Xususan, O‘zbekistonda 33 yildan buyon ishlab kelayotgan Ziraat Bank faoliyati ijobiy baholandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning boshqa moliya institutlarini ham mamlakat bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishga taklif qildi.
Ma’lumot uchun, Ziraat Bank Uzbekistan 1993-yilda Turkiyaning Ziraat Banki va Agrobank tomonidan teng ulush asosida UTBANK nomi bilan tashkil etilgan. Bu O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida ochilgan ilk bank bo‘lgandi.
2017-yilning 30-noyabr kuni Ziraat Bank Agrobank ulushini sotib olib, bankning yagona aksiyadoriga aylangandi. Keyinchalik bank Ziraat Bank Uzbekistan deb qayta nomlangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida SQB, Asakabank, AloqaBank va Turonbankdagi davlat ulushlarini sotish rejalashtirilgan.
O‘zmilliybank, Agrobank, Xalq Banki, Mikrokreditbank va Biznesni Rivojlantirish Bankidagi davlat ulushi esa kamida 2028-yilgacha saqlab qolinadi.
Bank tizimini isloh qilish strategiyasiga ko‘ra, davlat banklari soni 2026-yilda sakkiztagacha, 2030-yilda esa to‘rttagacha qisqartirilishi belgilangan.
