Fitch Ratings reyting agentligi 19-noyabr kuni O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish bo‘yicha kutilmalarini e’lon qildi.
Agentlik bahosiga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda bank sektoridagi islohotlar jadallashib, uning o‘rta muddatli istiqbollari yaxshilangan.
Biroq davlat banklarini xususiylashtirish belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Fitch bunga aktivlar sifati bilan bog‘liq mavjud muammolar va chakana kreditlash portfelining hali yetarlicha shakllanmaganini asosiy xatarlar sifatida ko‘rsatgan.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida 2027-yildan boshlab beshta bankni sotish va bu jarayonni 2030-yil oxirigacha yakunlash ko‘zda tutilgan.
Hozirda SQB va Asakabankni xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlari jadallashgan.
Agentlik Franklin Templeton hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ishtiroki ushbu banklarning biznes modelini transformatsiya qilishga yordam berishini kutmoqda.
Biroq Fitch ularni xususiylashtirish jarayoni 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkinligini bildirgan. Agentlik buni sotuvdan oldin qo‘shimcha tayyorgarlik ishlari zarurligi bilan izohlagan.
Shuningdek, agentlik davlat banklarida aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini ham ta’kidlagan.
Xususan, ixtisoslashgan davlat banklari muammoli kreditlarni balansdan chiqargan. SQB va Asakabank esa 2025-yilda kreditlarni tasniflash talablarini kuchaytirgan.
Natijada ushbu banklarning hisobotlarida kreditlarning qadrsizlanishi bilan bog‘liq zaxira ajratmalari miqdori oshgan.
Fitch muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘yicha keyingi choralar banklarning aktivlar sifatini yaxshilashiga umid qilmoqda.
Avvalroq Beeline egasi bo‘lmish VEON guruhi O‘zbekistonda mavjud banklardan birini sotib olish yoki yangi bank ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.
