Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev qo‘lga olingani aytilmoqda

22.11.2026 14:53
O'zbekchaРусский
Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirishda gumonlanib, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘lga olingani aytilmoqda.
Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev qo‘lga olingani aytilmoqda

Chori Mirzayev / Foto: Turonbank

Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘lga olingani aytilmoqda.

20-noyabr kuni Kun.uz nashri bu bo‘yicha xabar e’lon qildi. Nashrning yozishicha, bank raisi yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.

Nashr o‘z manbasi orqali bu xabarni tasdiqlaganini bildirgan. Biroq hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu bo‘yicha rasmiy xabar bermagan.

20-noyabr kuni Kun.uz nashri bu haqda xabar chiqarishidan bir necha hafta ilgari ham ijtimoiy tarmoqlarda tijorat banklaridan birining boshqaruv raisi qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ushbu xabarlarda gap davlat banki boshqaruv raisi haqida ketayotgani, u Turonbank boshqaruv raisi ekaniga ishora qilingan edi.

Kun.uz nashri o‘z xabarida Chori Mirzayevning Prezident administratsiyasi sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov bilan qarindosh ekanini eslatib o‘tgan.

Zaynilobiddin Nizomiddinov / Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Ma’lumot uchun, Chori Mirzayev 1971-yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Sangardak qishlog‘ida tug‘ilgan.

1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2000-yilda esa Yaponiyaning Saytama universitetini tamomlagan.

Bank tizimidagi mehnat faoliyatini 1995-yilda boshlagan. 2016-yilning sentyabr oyidan buyon davlat banki hisoblangan Turonbank boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Zaynilobiddin Nizomiddinov esa 1974-yilda Chori Mirzayev kabi Sariosiyo tumanining Sangardak qishlog‘ida tug‘ilgan.

U 2025-yilning aprel oyidan buyon Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.

Nizomiddinov mehnat faoliyati davomida bir qancha yuqori lavozimlarda, jumladan, 2018-yildan 2022-yilgacha Prezident administratsiyasi rahbari bo‘lib ishlagan.

Ma’lumot uchun, Turonbank hozirda mavjud to‘qqizta davlat bankidan biridir. Bankni 2026–2027-yillarda ommaviy savdoga chiqarib, davlat ulushini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.

#turonbank#chori_mirzayev#zaynilobiddin_nizomiddinov

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan