Vengriyaning OTP Bank guruhi Ipoteka bank aksiyalarining davlatga tegishli qolgan ulushini ham sotib olmoqda.
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda OTP Bank o‘rtasida 17,5 foiz aksiyani sotish bo‘yicha qo‘shimcha bitim imzolandi.
Bu haqda vazirlik va bankning rasmiy sahifalarida ma’lum qilindi. Bitim qiymati ochiqlanmagan.
Bitim yakunlangach, OTP guruhining bank ustav kapitalidagi ulushi 90,4 foizga yetadi. Shu tariqa, bankda davlatning bevosita ulushi qolmaydi.
Ipoteka bankning rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyun holati bo‘yicha bank aksiyadorlari tarkibi quyidagicha bo‘lgan:
- OTP Bank — 72,89%
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 17,49%
- Xalqaro moliya korporatsiyasi — 8,7%
- Boshqa yuridik shaxslar — 0,65%
- Jismoniy shaxslar — 0,27%
Eslatib o‘tamiz, tomonlar 2022-yilda Ipoteka bankni xususiylashtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.
Unga ko‘ra, bank aksiyalarini ikki bosqichda sotish, ikkinchi bosqichdagi aksiyalar narxini esa bankning moliyaviy ko‘rsatkichlariga bog‘lash belgilangan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari va mamlakatdagi iqtisodiy sharoit sezilarli darajada yaxshilangan.
Shu sababli dastlabki shartnomaning ayrim bandlari qayta ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha bitim imzolangan.
2023-yilning iyun oyida OTP Bank birinchi bosqich doirasida Ipoteka bankning 73,71 foiz aksiyasini 324 mln dollarga sotib olgandi.
