Andijon shahridagi nufuzli banklardan birining (nomi ochiqlanmagan) xodimi mijozlarning 3 mlrd 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘ini onlayn qimorga tikib yuborgani aniqlandi.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bank xodimi mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalariga oid hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish uchun mas’ul bo‘lgan.
U ushbu vazifasidan foydalanib, mijozlarning hisobvaraqlaridagi pullarni o‘zining xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib kelgan.
Mijozlarga pulni qaytarish vaqti kelganda, bank ma’muriyati hisobvaraqlarda mablag‘ yetishmasligini aniqlagan.
Tergov davomida xodim o‘zlashtirgan pullarini 1XBet platformasidagi onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgani ma’lum bo‘lgan. U so‘roq paytida qilmishini to‘liq tan olgan.
Xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov departamenti e’lon qilgan videoda ayblanuvchi katta miqdordagi pulni yutqazib, oilasi va hamkasblari ishonchidan ayrilganini aytgan hamda yoshlarni onlayn qimordan uzoqroq yurishga chaqirgan.
