Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar 25-noyabrdan qabul qilinadi. Talablar qanday?

24.11.2026 10:47
O'zbekchaРусский
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar 25-noyabr soat 10:00 dan boshlab qabul qilinadi. Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, mygov mobil ilovasi va my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.
Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar 25-noyabrdan qabul qilinadi. Talablar qanday?

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar 2026-yil 25-noyabr soat 10:00 dan boshlab qabul qilinadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Subsidiya olish uchun fuqaro ijtimoiy mezonlar bo‘yicha kamida 30 ball to‘plashi kerak.

Shuningdek, uning kredit tarixi dasturda qatnashayotgan kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, fuqaro va uning turmush o‘rtog‘i nomida respublika hududida turar joy bo‘lmasligi kerak.

Oilaning o‘rtacha oylik daromadi ham belgilangan chegaralarga mos kelishi talab etiladi.

Arizalarni Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish yoki onlayn tarzda mygov mobil ilovasi va my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.

Ariza beruvchini baholash mezonlari

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, talabgorlar quyidagi ko‘rsatkichlar asosida baholanadi.

O‘rtacha oylik daromad

  • Toshkent shahrida daromad 3 mln 672 ming so‘mdan 10 mln 880 ming so‘mgacha bo‘lsa — 10 ball
  • 10 mln 880 ming so‘mdan 12 mln 512 ming so‘mgacha bo‘lsa — 5 ball
  • Boshqa hududlarda daromad 3 mln 672 ming so‘mdan 9 mln 520 ming so‘mgacha bo‘lsa — 10 ball
  • 9 mln 520 ming so‘mdan 10 mln 880 ming so‘mgacha bo‘lsa — 5 ball

Turar joy holati

  • Fuqaro yoki uning turmush o‘rtog‘i nomida respublika hududida turar joy bo‘lmasa — 20 ball

Ijtimoiy toifalar

  • Xorijda mehnat qilayotgan va tegishli tizimda ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlariga — 10 ball
  • Olis hududga kelib ishlayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar, tibbiyot xodimlari va tegishli professional ta’lim o‘qituvchilariga — 5 ball
  • 30 yoshga to‘lmagan fuqarolarga — 5 ball
  • Ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalarga — 5 ball
  • Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimining tegishli modulida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga — 5 ball

Bunda oylik daromad va turar joy bo‘yicha belgilangan mezonlar muhimdir.

Mazkur ikki bo‘limdan birortasi bo‘yicha ball olinmasa, subsidiya ajratilmaydi.

Ijtimoiy toifalar bo‘yicha esa faqat bitta mezon uchun ball beriladi.

Ariza topshirishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Subsidiya olish uchun ariza topshirayotgan fuqarolar OneID tizimida tijorat banklariga kredit tarixini tekshirish uchun ruxsat berishi kerak.

Buning uchun shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish panelida tegishli ruxsatni yoqish lozim.

Shuningdek, kredit tarixini tekshirishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov olib tashlangan bo‘lishi kerak. Aks holda, banklar kredit tarixini o‘rgana olmaydi va ariza rad etilishi mumkin.

Harbiy tuzilmalar xodimlari arizalarni faqat Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish orqali topshirishi mumkin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, subsidiya dasturida quyidagi 15 ta tijorat banki ishtirok etadi:

  • Agrobank
  • AloqaBank
  • Asakabank
  • Asia Alliance Bank
  • Biznesni Rivojlantirish Banki
  • Hamkorbank
  • Ipak Yo‘li Bank
  • Ipoteka bank
  • Mikrokreditbank
  • Orient Finans Bank
  • Trastbank
  • Turonbank
  • Xalq Banki
  • O‘zmilliybank
  • O‘zsanoatqurilishbank
#ipoteka_subsidiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan