Shavkatxo‘ja Qodirxo‘jayev KDB Bank Uzbekistan boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bankning rasmiy saytida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Bobir Ashrafxanov o‘z xohishiga ko‘ra bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimini tark etgan.
Joriy yilning fevral oyidan buyon mazkur lavozimda ishlab kelgan Ashrafxanov Markaziy bank va hukumat bilan aloqalar kabi sohalarni nazorat qilishga mas’ul edi.

Bobir Ashrafxanov / Foto: KDB Bank Uzbekistan
Uning ketishi munosabati bilan bank Kuzatuv kengashi 23-noyabr kuni yig‘ilish o‘tkazgan.
Yig‘ilishda kengash Shavkatxo‘ja Qodirxo‘jayevni bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Uning nomzodini Markaziy bank ma’qullagach, o‘z vazifalarini bajarishga kirishishi belgilangan.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, Qodirxo‘jayev KDB Bank Uzbekistan tizimida 20 yildan buyon ishlab kelmoqda.
Ma’lumot uchun, KDB Bank Uzbekistan 1997-yilda tashkil etilgan. Uning asosiy aksiyadori Koreya Taraqqiyot banki hisoblanadi.
KDB Bank asosan O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi.
