Markaziy bank tovarlarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotuvchi tashkilotlarni aniqlash va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va buning kamida 50 foizi muddatli to‘lov hissasiga to‘g‘ri kelgan tashkilotlar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tishi hamda reyestrga kiritilishi kerak bo‘ladi.
Ishlab chiqaruvchi korxonalar bu talabdan mustasno.
Misol uchun, bir chorakda 600 mln so‘mlik mahsulot sotgan do‘konning savdo tushumidan 330 mln so‘mi bo‘lib to‘lash hissasiga to‘g‘ri kelsa, ulush 55 foizni tashkil etadi.
Bunda tashkilot ikkala shartga ham javob beradi va Markaziy bankka murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Tashkilotlar o‘z ko‘rsatkichlarini har chorak yakunida mustaqil hisoblaydi.
Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilot keyingi oyning 20-sanasigacha Markaziy bankka ariza va zarur hujjatlarni taqdim etishi lozim. Loyiha faqat tashkilotlarning o‘z arizalariga tayanib qolmaydi.
Soliq qo‘mitasi ham elektron hisobvaraq fakturalar va onlayn kassa cheklaridagi ma’lumotlar orqali muddatli to‘lov asosida savdo qiladigan tashkilotlarni aniqlaydi.
Qo‘mita ushbu ma’lumotlarni Markaziy bankka yuboradi. Markaziy bank esa olingan ma’lumotlarni tahlil qiladi va zarur hollarda tashkilotlardan qo‘shimcha ma’lumot hamda izohlar so‘rashi mumkin.
Loyihada belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi qoidabuzarlik sifatida baholanishi qayd etilgan.
Bunday holatda aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Ushbu loyiha Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ-294-sonli qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Nizom loyihasi 1-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
