27-noyabr kuni Asia Alliance Bank matbuot xizmati bank boshqaruvi tarkibida tayinlovlar bo‘lganini ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, Dilshod Po‘latov bank raisining birinchi o‘rinbosari, Jahongir Umarov hamda Ilhom Isamutdinov esa rais o‘rinbosari lavozimlariga tasdiqlangan.
Bank matbuotining bildirishicha, boshqaruv jamoasining kengayishi bankning strategik o‘sishi va raqamli transformatsiyasiga xizmat qiladi.
Dilshod Po‘latov haqida

Dilshod Po‘latov
Po‘latov Dilshod Akmalevich 1979-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini tamomlagan, mutaxassisligi — moliya va kredit.
Mehnat faoliyati davomida Ipoteka bank va Kapitalbankda turli lavozimlarda ishlagan.
Jumladan, Kapitalbankda g‘aznachilik departamenti, aktivlar va passivlarni boshqarish hamda moliyaviy tahlil yo‘nalishlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2025-yil sentyabridan 2026-yil apreligacha Poytaxt Bank boshqaruv raisi, 2026-yil aprelidan esa Asia Alliance Bank boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Jahongir Umarov

Jahongir Umarov
Jahongir Umarov 1980-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini Asakabankda boshlagan. Bankda kreditlash, kredit portfelini monitoring qilish, loyihalarni moliyalashtirish va investitsion faoliyat yo‘nalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Keyinchalik Asia Alliance Bankda kredit tavakkalchiliklari, kredit portfelini monitoring qilish va korporativ mijozlarni kreditlash yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan.
Ilhom Isamutdinov

Ilhom Isamutdinov
Ilhom Isamutdinov 1983-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini Turonbankda boshlagan. Bankda axborot texnologiyalari yo‘nalishida turli lavozimlarda ishlab, departament direktori o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarilgan.
2016–2022-yillarda Asia Alliance Bankda axborot texnologiyalari yo‘nalishida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Keyinchalik FIDOBIZNES kompaniyasida departament direktori o‘rinbosari va mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning may oyidan buyon Umidjon Abduazimov Asia Alliance Bank boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
