O‘zbekiston Markaziy banki 2027-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi.
Bank nazorati qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, kelgusi yilda quyidagi yettita bank ushbu toifaga kiritildi:
- O‘zmilliybank
- Agrobank
- O‘zsanoatqurilishbank
- Xalq Banki
- Ipoteka bank
- Kapitalbank
- Asakabank
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, tizimli ahamiyatga molik banklarning amaldagi ro‘yxati o‘zgarishsiz qolmoqda.
Aynan shu yettilik 2025 va 2026-yillar uchun ham tizimli ahamiyatga molik deb belgilangandi.
Ro‘yxat o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ularning bozordagi o‘rni yildan yilga torayib bormoqda.
2026-yil 1-oktyabr holatiga tizimli ahamiyatga molik banklarning aktivlari O‘zbekiston bank tizimi aktivlarining 60 foizini tashkil etgan.
2024-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 67 foiz, 2025-yilda esa 64 foizga teng bo‘lgandi.
Bu pasayish bozorga yangi raqamli banklar kirib kelishi, xususiy va xorijiy kapitalli banklarning jadalroq o‘sishi hamda davlat banklarini transformatsiya qilish jarayoni bilan izohlanishi mumkin.
2027-yil uchun tasdiqlangan ro‘yxatda Kapitalbank hamda Ipoteka bankdan tashqari qolgan beshta bank davlat banki sanaladi.
Nega tizimli banklar ajratiladi?
Tizimli ahamiyatga molik banklarning faoliyatida yuzaga keladigan muammolar butun bank tizimining barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli Markaziy bank bunday banklar ustidan alohida nazorat o‘rnatadi. Bundan tashqari, ularga nisbatan qo‘shimcha kapital talabi belgilanadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab tizimli ahamiyatga molik banklar tavakkalchilikni hisobga olgan holda aktivlarining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha kapital buferini shakllantirishi kerak.
