O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi 68 ta xorijiy kompaniya 2025-yilning 1-choragida 36,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 10,7 mlrd so‘mga yoki 42 foizga ko‘proqdir.
Ularning xizmatlari hajmi esa 98 mlrd so‘mga oshib, 306,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Infografika Fiskal tahlillar telegram kanalidan olindi
Ushbu soliqlarning 30,12 mlrd so‘mini yoki 83 foizini Apple, Meta va Google to‘lagan. O‘tgan yilning dastlabki 3 oyida mazkur yirik kompaniyalar 20,1 mlrd so‘m soliq to‘lagan edi. O‘sha paytda Apple 3-o‘rinda bo‘lgan, ammo bir yil o‘tib 1-o‘ringa ko‘tarildi.
4-o‘rinni ChatGPT’ga egalik qiluvchi OpenAI kompaniyasi egallagan. Ma’lumot uchun, OpenAI joriy yilning 8-aprel sanasida O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Shuningdek, mart oyida O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olingan ilova bo‘ldi.
5-o‘rinda esa O‘zbekistonda bloklangan TikTok qayd etilgan. U 2024-yilda to‘lagan soliqlari bo‘yicha 10-o‘rinda edi. Mana oradan 3 oy o‘tib kompaniya O‘zbekistondan 7,8 mlrd so‘m daromad olib, 934,8 mln so‘m soliq to‘ladi.
2024-yilning 1-choragida Amazon hamda Yandex kompaniyasi mos ravishda beshinchi va to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilgandi. Biroq, ular hozirgi TOP-10 likka kirmagan.
Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni havo transporti orqali bojxona to‘lovisiz olib kiriluvchi tovarlarning qiymatini 2 ming dollardan 1 ming dollargacha pasaytirish bo‘yicha qaror qabul qilingandi. Bu qaror endilikda Amazon kompaniyasining TOP-10 soliq to‘lovchilar qatoriga kirishini yanada qiyinlashtirishi mumkin.
Sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi Booking.com kompaniyasining daromadi o‘tgan yilga nisbatan 1,5 mlrd so‘mga ortgan, biroq 2 o‘ringa pastlagan.
Netflix kompaniyasi esa 8-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilgan. Lekin xizmatlar hajmi bir yil ichida atiga 718 mln so‘mga ko‘paygan.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda xorijiy elektron kompaniyalar O‘zbekistonga 115,8 mlrd so‘m soliq to‘lagandi. Bu haqda avvalroq yozgandik.
